AQSHda samolyot va vertolyot to‘qnashib ketdi
AQSHning Pensilvaniya shtatidagi Karlayl aeroportida yengil motorli samolyot qo‘nish vaqtida yo‘nalishidan chetlashib, yerda turgan politsiya vertolyoti bilan to‘qnashib ketdi.
Transport xavfsizligi milliy kengashi (NTSB) vakili Aaron Makkarterning ma’lum qilishicha, hodisa oqibatida samolyot uchuvchisi halok bo‘lgan, vertolyotdagi ikki nafar politsiyachi esa jarohat olgan. Rasmiylar fojianing aniq sabablari hali noma’lumligini bildirmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, “Cessna 150” uchog‘i uchish-qo‘nish yo‘lagiga qo‘nayotgan mahal to‘satdan yon tomonga burilib, o‘quv mashg‘uloti doirasida maysazor ustida turgan “Bell 407” vertolyotining dum qismiga borib urilgan.
To‘qnashuv zarbidan ikki havo kemasi ham bo‘laklarga bo‘linib ketgan. Kichik aeroportda dispetcherlik minorasi bo‘lmasa-da, uchuvchilar umumiy chastotada o‘zaro aloqada bo‘lishgan. Tergovchilar ta’kidlashicha, samolyot uchuvchisi hududda vertolyot borligidan xabardor qilinganiga oid dalillar mavjud. Hozirda mutaxassislar samolyotning trayektoriyadan chiqib ketishiga texnik nosozlik yoki boshqa omillar sabab bo‘lganini o‘rganmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA