Zamonlar osha yangrayotgan navolar
«Turkiston» saroyida milliy va jahon kino musiqalariga bag‘ishlangan unutilmas musiqiy oqshom.
Konsert – bu shunchaki qo‘shiq va raqslar namoyishi emas. Unda sozandalik san’ati, yuksak ijro mahorati, sahna madaniyati va musiqiy tafakkur o‘ziga xos uyg‘unlik kasb etadi. Har bir cholg‘u sadosi, har bir kuyning ohangi tinglovchi qalbiga yo‘l topib, uni xayollar olamiga yetaklaydi. Poytaxtimizdagi «Turkiston» saroyida bo‘lib o‘tgan «Zamonlar osha» nomli konsert dasturi ham ana shunday yuksak badiiy taassurotlarga boyligi bilan e’tiborni tortdi.
Mazkur musiqiy oqshomda Mukarrama Turg‘unboyeva nomidagi «Bahor» davlat raqs ansamblining milliy cholg‘u ijrochilari jamoasi milliy va jahon kinofilmlarida yangragan eng sara musiqa namunalarini muxlislar e’tiboriga havola etdi. Konsert dasturi orqali tomoshabinlar kino san’ati tarixida o‘ziga xos o‘rin egallagan kuylardan bahramand bo‘lish, tanish ohanglarning jozibasini jonli ijroda his etish imkoniga ega bo‘ldilar.

Konsert dasturining uch qismdan iborat etib tuzilgani musiqiy oqshomga alohida mazmun va yaxlitlik bag‘ishladi. Unda milliy kino san’atimizdan boshlangan musiqiy sayohat ulug‘ san’atkor xotirasiga ehtirom va jahon kinosi durdonalariga bag‘ishlangan ijrolar bilan davom etdi. Har bir qism o‘zining badiiy yo‘nalishi, musiqiy ruhiyati va mazmuni bilan ajralib turdi.
Dasturning birinchi qismi o‘zbek kino san’atida o‘chmas iz qoldirgan filmlar musiqalariga bag‘ishlandi. “Mahallada duv-duv gap”, “Maftuningman”, “Tohir va Zuhra”, “Dilbarim”, “To‘ylar muborak” kabi filmlarimizda yangragan, xalqimiz qalbidan chuqur joy olgan kuylar jonli ijroda qayta sado berib, tomoshabinlarni tanish va qadrdon ohanglar olamiga yetakladi. Zero, o‘zbek kinosi musiqalarida xalqimizning milliy ruhi, orzu-intilishlari, quvonch va kechinmalari o‘zining betakror ifodasini topgan.

Kino musiqasining o‘ziga xos jihati shundaki, u film voqealarini shunchaki bezabgina qolmay, qahramonlarning ichki kechinmalari, asarning ruhiyati va dramatik holatlarini ham ochib beradi. Ba’zan birgina kuy inson xotirasida butun boshli film manzaralarini jonlantiradi. Shu bois kino asarlari uchun yaratilgan musiqalar vaqt o‘tgani sari ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi, aksincha, yangi avlod tinglovchilari qalbidan ham munosib o‘rin egallaydi.
Konsertning ikkinchi qismi esa alohida ma’naviy ahamiyat kasb etdi. U O‘zbekiston xalq artisti, mohir doirachi, «Bahor» davlat raqs ansamblida ko‘p yillar samarali mehnat qilgan, o‘zining yuksak ijrochilik mahorati va san’atga sadoqati bilan hurmat qozongan Qahramon Dadayevning porloq xotirasiga bag‘ishlandi. Bu yil tavalludining 90 yilligi keng nishonlanayotgan ulug‘ san’atkorni yod etish musiqiy oqshomga o‘zgacha ruh, chuqur ehtirom va samimiy tuyg‘ular bag‘ishladi.

Qahramon Dadayev nomi o‘zbek milliy cholg‘u ijrochiligi, xususan, doira san’ati bilan chambarchas bog‘liq. Uning san’atga bag‘ishlangan umri, milliy musiqiy merosimizni asrab-avaylash va uning shuhratini yuksaltirish yo‘lidagi fidokorona mehnati san’atsevarlar xotirasida munosib o‘rin egallagan. Mohir doirachining ijodiy faoliyati, sahnadagi o‘ziga xos mahorati va milliy san’atimiz rivojiga qo‘shgan hissasi bugun ham e’zozga loyiq.
Shu ma’noda, san’atkor xotirasiga bag‘ishlangan ushbu qism nafaqat o‘tmishni yod etish, balki milliy ijrochilik maktabiga bo‘lgan yuksak ehtirom ifodasi sifatida ham ahamiyatli bo‘ldi. Qahramon Dadayev singari o‘z hayotini san’atga bag‘ishlagan ustozlarni xotirlash esa yosh avlodda milliy qadriyatlarimizga hurmat va san’atga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dasturning uchinchi qismida esa jahon kino san’atining eng sara namunalarida yangragan musiqalar tomoshabinlar e’tiboriga havola etildi. Turli mamlakatlar va musiqiy an’analarga mansub kuylarning bir sahnada jamlanishi konsertning badiiy qamrovini yanada kengaytirdi. Ulardagi betakror ohanglar, hissiy teranlik va musiqiy rang-baranglik tinglovchilarga jahon kinosi musiqiy olamining jozibasini his etish imkonini berdi.

Bu jarayonda sozandalarning ijro mahorati alohida ahamiyat kasb etdi. Chunki tanish kuyni jonli ijroda qayta yaratish, uning asl ruhini saqlagan holda tinglovchiga yangi taassurot bag‘ishlash katta mas’uliyat va mahorat talab qiladi. Har bir cholg‘uning o‘z ovozi, o‘z tabiati bor. Ana shu ovozlarni yagona musiqiy yaxlitlikka birlashtirish esa jamoaviy hamjihatlik, o‘zaro uyg‘unlik va yuksak ijrochilik madaniyati bilan chambarchas bog‘liq.
Konsertda musiqa tilining chegara bilmas imkoniyatlari ham namoyon bo‘ldi. Turli davrlar va musiqiy maktablarga mansub asarlarning bir sahnada jamlanishi tinglovchilarga rang-barang badiiy olamni taqdim qildi. Milliy kino musiqalaridagi samimiyat, xalqona ohanglar va qalbga yaqinlik jahon kino san’ati namunalariga xos keng qamrovlilik, dramatizm va musiqiy rang-baranglik bilan uyg‘unlashdi.
Musiqiy oqshomning yana bir e’tiborli jihati — unda milliy san’atimiz an’analariga bo‘lgan ehtiromning sezilib turishidir. Mukarrama Turg‘unboyeva nomi bilan bog‘liq «Bahor» davlat raqs ansambli o‘zbek sahna san’ati tarixida alohida o‘ringa ega. Ushbu jamoaning musiqiy ijrochilik yo‘nalishidagi faoliyati ham milliy san’atimizning turli qirralarini namoyon etishga xizmat qiladi.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri