Jadidlarning avlodlari bir davrada jamlandi
Millat tarixida shunday siymolar borki, ularning g‘oyalari va orzu-intilishlari o‘z davri doirasidan chiqib, keyingi avlodlar tafakkurida ham yashayveradi. Jadid bobolarimiz ana shunday buyuk ma’rifatparvarlar edi. Ular xalqning ertangi kunini ilmda, zamonaviy ta’limda, milliy o‘zlikni anglashda va tafakkur erkinligida ko‘rdilar. Bugun ularning hayoti va merosini o‘rganish, avlodlar xotirasida saqlanib kelayotgan ma’lumotlarni to‘plash va ilmiy asosda tadqiq etish milliy tariximizni yanada teran anglashga xizmat qiladi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda jadidlar merosini o‘rganish va targ‘ib etish borasida bir qator ma’rifiy loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirib kelmoqda.
Ushbu markazda o‘tkazilgan «Jadidlar avlodlari uchrashuvi» umummilliy ilmiy-ma’rifiy yig‘ini ana shunday tadbirlardan biridir. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamkorligida tashkil etiltgan anjumanga jadidchilik harakatining taniqli namoyandalari avlodlari, tarixchi olimlar, tadqiqotchilar, ziyolilar va ommaviy axborot vositalari vakillari taklif etildi.

XIX asr oxiri va XX asr boshlarida Turkistonda shakllangan jadidchilik harakati xalqimizning ma’naviy va ijtimoiy taraqqiyotida muhim burilish yasadi. Jadidlar eskilik sarhadlaridan chiqib, ta’limni yangilash, dunyo ilm-fani yutuqlarini o‘zlashtirish, milliy matbuot va adabiyotni rivojlantirish, teatr orqali jamiyatni uyg‘otishga intildilar. Ularning faoliyatida bir maqsad ustuvor edi: xalqning o‘z taqdirini anglaydigan, bilimli va taraqqiyparvar jamiyatga aylanishi.
Bu harakat namoyandalarining hayoti ko‘pincha murakkab tarixiy sharoitda kechdi. Shunga qaramay, ular qalam, maktab, matbuot va ma’rifatni jamiyatni o‘zgartirish vositasiga aylantirishga harakat qildilar. Ularning asarlari, maqolalari, darsliklari va ijtimoiy qarashlari bugun ham tarixchilar uchun muhim tadqiqot manbai, yosh avlod uchun esa fidoyilik va mas’uliyat namunasidir.

Shu bois jadidlar merosini o‘rganishda faqat ma’lum tarixiy voqealarni tiklashning o‘zi kifoya qilmaydi. Ularning shaxsiyati, oilaviy muhiti, hayotiy qarashlari va avlodlariga qoldirgan ma’naviy saboqlarini ham o‘rganish muhim. Ayniqsa, oilada saqlanib qolgan hujjatlar, suratlar, qo‘lyozmalar va xotiralar tarixiy manzarani to‘ldirishi, ilgari ma’lum bo‘lmagan tafsilotlarni aniqlashga yordam berishi mumkin.
Anjumanning ahamiyati ham shundaki, unda tarixiy merosga ilmiy tadqiqotlar bilan bir qatorda, ajdodlarning bevosita avlodlari xotiralari orqali nazar tashlandi. Oilaviy xotiralar tarixiy hujjatlarning o‘rnini bosmaydi, ammo ularni to‘ldirib, muayyan shaxslar hayoti va faoliyatini yanada kengroq tasavvur qilish imkonini berdi. Bu esa tarixiy ma’lumotlarni qiyosiy o‘rganish va yangi ilmiy izlanishlarga yo‘l ochishda muhimdir.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori, akademik Azamat Ziyo hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov, O‘zbekiston jurnalistika va kommunikatsiyalar universiteti rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja mamlakatimizda yangi O‘zbekiston poydevorini barpo etishda jadidlar merosini o‘rganish, ular xotirasini e’zozlash masalalariga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladilar.
Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, professor Dilnoza Jamolova «Jadidchilik milliy harakati» mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruza jadidchilik harakatining shakllanishi, tarixiy taraqqiyotdagi o‘rni va milliy ma’rifat ravnaqiga qo‘shgan hissasiga e’tibor qaratilgani bilan e’tiborli bo‘ldi.

Anjumanning markaziy qismi jadidlar avlodlarining chiqishlaridan iborat bo‘ldi. Ularda ajdodlarning hayot yo‘li, ijtimoiy va ma’rifiy faoliyati, shuningdek, oilada saqlanib kelayotgan xotiralar haqida so‘z yuritildi.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning nabirasi Shohrux Behbudiy, Saidrizo Alizodaning nabirasi Farhod Alizoda, Obidjon Mahmudovning nabirasi Maqsuda Obidjonova, Abdulla Qodiriyning nabirasi Xondamir Qodiriy, Abdulhamid Cho‘lponning jiyani Sharifa Mirzahmedova hamda G‘ozi Yunusning o‘g‘li Cho‘lpon Yunus o‘z ajdodlari haqidagi ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdilar.

Shuningdek, Musojon Saidjonovning nabirasi Shuhrat Saidjonov, Ashurali Zohiriyning nabirasi Najib Zohiraliyev, Abduqodir Shakuriyning nabirasi Ma’sud Shakuriy, Hoji Muinning nabirasi Baxtiyor Bahriyev, Vadud Mahmudning o‘g‘li Najod Mahmud, Po‘lat Soliyevning nabirasi Alisher Muhiddinov, Hasanxon Niyoziy va Husanxon Niyoziyning nabirasi Muhiddin Narziqulov hamda Maryam Sultonmurodovaning nabirasi Muhabbatxon Sultonmurodova ishtirokida ham ma’rifiy muloqotlar o‘tkazildi.
Ushbu uchrashuvda jadidlarning milliy ta’lim, adabiyot, matbuot, ilm-fan va ijtimoiy tafakkur rivojiga qo‘shgan hissasi turli nuqtai nazarlardan yoritildi. Avlodlar tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlar nafaqat oilaviy xotirani asrash, balki tarixiy shaxslarning merosini keng jamoatchilikka yaqinroq tanitish nuqtai nazaridan ham ahamiyatlidir.
Anjuman doirasida olimlar, ziyolilar va jadidlar avlodlari o‘rtasida fikr almashish uchun ham imkoniyat yaratildi. Bunday muloqotlar oilaviy arxivlarda saqlanayotgan ma’lumotlarni ilmiy muomalaga kiritish, tadqiqotchilar bilan avlodlar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish va kelgusidagi ilmiy loyihalar uchun yangi yo‘nalishlarni belgilashga xizmat qiladi.
Tadbir dasturidan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi bilan tanishuv ham o‘rin oldi. Ishtirokchilar markaz ekspozitsiyalarini ko‘zdan kechirish imkoniga ega bo‘ldilar. Bu esa milliy tarix, ilm-fan va madaniyat merosini kengroq qamrab olgan ma’rifiy dasturning muhim qismi hisoblanadi.
«Jadidlar avlodlari uchrashuvi»ning mazmuni bir kunlik muloqot bilan cheklanmaydi. Uning ahamiyati ajdodlardan qolgan merosni yangi dalillar, oilaviy xotiralar va ilmiy izlanishlar asosida o‘rganishga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish, tarixiy xotiraning uzviyligini ta’minlash va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlodga yetkazish bilan belgilanadi.
Jadidlar millat kelajagini ilm-ma’rifat bilan bog‘lagan edilar. Ularning bu intilishi bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Zero, tarixni chuqur bilish o‘tmish bilan faxrlanishning o‘zi emas, balki ajdodlar tajribasidan saboq chiqarib, bugungi kun va kelajak oldidagi mas’uliyatni anglashdir. Jadidlar avlodlarining bir davrada jam bo‘lishi ana shu vorislikni mustahkamlashga qaratilgan muhim ma’rifiy tashabbusdir.
Nazokat Usmonova, O‘zA