Zamonaviy tog‘ turizmi infratuzilmasini yaratishda xalqaro hamkorlik mustahkamlanmoqda
O‘zbekistonda to‘rt fasl davomida sayyohlarni qabul qiladigan zamonaviy tog‘ kurortlarini barpo etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar izchil davom etmoqda. Bu borada xalqaro tajriba va ilg‘or texnologiyalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotgani mamlakat turizm salohiyatini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Turizm qo‘mitasida Qo‘mita raisi Abdulaziz Aqqulov Fransiyaning MND (Montagne et Neige Développement) kompaniyasi asoschisi va direktorlar kengashi raisi Ksave Gallo-Lavall bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda to‘rt fasl davomida faoliyat yuritadigan xalqaro “Chimyon” kurortini barpo etish loyihasining amalga oshirilish jarayoni hamda mamlakatimizda zamonaviy tog‘-turizm infratuzilmasini shakllantirish bo‘yicha hamkorlik masalalari muhokama qilindi.

Fransiyaning MND kompaniyasi tog‘ kurortlari infratuzilmasini yaratishga ixtisoslashgan yetakchi sanoat guruhlaridan biri hisoblanadi. Kompaniya osma yo‘llar (kanat yo‘llari), sun’iy qor hosil qilish tizimlari, qor ko‘chishidan muhofaza inshootlari hamda turli zamonaviy turistik attraksionlarni loyihalash va qurish sohasida katta tajribaga ega. Bugungi kunda u dunyoning 49 ta mamlakatida 3 mingdan ortiq hamkor bilan ishlab kelmoqda.
“Chimyon” kurorti loyihasi doirasida MND kompaniyasi kurortning asosiy infratuzilma ob’ektlari uchun yuqori texnologiyali uskunalarni yetkazib berish va ularni o‘rnatish ishlarini amalga oshirmoqda. Jumladan, zamonaviy kanat yo‘llari, sun’iy qor hosil qilish tizimlari, qor ko‘chishidan himoya inshootlari hamda xalqaro standartlarga mos turistik attraksionlar barpo etilmoqda.

Muzokaralar chog‘ida loyihani belgilangan muddatlarda yakunlash, qurilish jarayonida yuqori sifat standartlariga qat’iy amal qilish hamda “Chimyon” kurortini xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy turistik majmuaga aylantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, kurort foydalanishga topshirilganidan keyin uni samarali boshqarish uchun xalqaro tajribaga ega kompaniyalarni jalb qilish istiqbollari ham muhokama qilindi. Bu esa xizmatlar sifatini oshirish, xorijiy sayyohlar oqimini ko‘paytirish va kurortning raqobatbardoshligini ta’minlashga xizmat qilishi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonda tog‘, oilaviy, sport va sog‘lomlashtirish turizmini yanada rivojlantirish, shuningdek, “Chimyon” kurortini Markaziy Osiyodagi eng jozibador dam olish maskanlaridan biriga aylantirish yo‘lidagi amaliy hamkorlikni izchil davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdi.
Yangi avlod tog‘ kurortini barpo etish loyihasi nafaqat mamlakatning turistik jozibadorligini oshirish, balki hududlarda yangi ish o‘rinlari yaratish, servis xizmatlarini rivojlantirish va O‘zbekistonning xalqaro turizm bozoridagi nufuzini mustahkamlashga ham munosib hissa qo‘shishi kutilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA