2500-yillik tarixga sayohat
Sirdaryo viloyatining qadimiy va boy tarixiy merosga ega hududlaridan biri bo‘lgan Xovos tumanida yoshlar uchun ma’rifiy sayohat tashkil etildi.
Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi tomonidan “Rahbar va yoshlar” uchrashuvlari doirasida o‘tkazilgan mazkur tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad yosh avlodni yurtimizning boy tarixi, madaniy merosi va muqaddas qadamjalari bilan yaqindan tanishtirishdan iborat bo‘ldi.

Qariyb 2500-yillik tarixga ega Xovos hududi asrlar davomida shakllangan betakror madaniy yodgorliklari, qadimiy obidalari va tabarruk ziyoratgohlari bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Tarixiy manbalarga ko‘ra, bu yerda qadimda 28 ta tabarruk qadamjo mavjud bo‘lgan bo‘lib, bugungi kunga qadar ularning 12 tasi saqlanib qolgan.
Bir kunlik sayohat Ko‘hna Xovos tepaligidan boshlandi. Bu yerda yoshlarga qadimiy shahar xarobalari, arxeologik tadqiqotlar, ilmiy ekspeditsiyalar davomida qo‘lga kiritilgan ma’lumotlar va hududning tarixiy ahamiyati haqida batafsil ma’lumot berildi.

Tadbir davomida Sirdaryo viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i Inomjon Qudratov yoshlar bilan samimiy muloqot o‘tkazdi. Suhbat jarayonida u tarixiy obidalar va muqaddas qadamjolarni o‘rganish, ularni asrab-avaylash har bir avlodning muhim vazifasi ekanini ta’kidladi.
— Tarixiy maskanlarni ziyorat qilish insonda ajdodlar merosiga hurmat, Vatanga muhabbat va milliy qadriyatlarga sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamlaydi. Bunday sayohatlar yoshlarning dunyoqarashini kengaytiradi, ularni tariximiz bilan chuqurroq tanishtiradi, — dedi Inomjon Qudratov.

Sayohat davomida yoshlar “Hasti buzurgon”, “Bibi Ocha”, “Yusufbobo” va “Sherbobo” qadamjolarini ham ziyorat qilishdi. Har bir maskanda ushbu obidalarning tarixi, ular bilan bog‘liq rivoyatlar va xalqimizning ma’naviy hayotidagi o‘rni haqida qiziqarli ma’lumotlar berildi.
Mazkur ma’rifiy tadbir yoshlarga Xovosning boy tarixiy merosi bilan yaqindan tanishish, ajdodlardan qolgan bebaho qadriyatlarni anglash va milliy o‘zlikni yanada chuqur his etish imkonini berdi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri