Sessiyada g‘oyat muhim masalalar ko‘rib chiqildi
Xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdagi 39-sessiyasida hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi, mahalliy byudjet ijrosi, deputatlik nazorati, mikrosanoat markazlarini tashkil etish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda inson huquqlarini ta’minlashga oid qator muhim masalalar muhokama qilindi.
Shular qatorida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakilining Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Alimovning 2025-yildagi faoliyati yuzasidan ma’ruzasi eshitildi.
Ma’lum qilinishicha, hisobot davrida Ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakiliga jami 376 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 187 tasi Ombudsman devoni orqali, 116 tasi bevosita fuqarolardan, 34 tasi mahkum va mahbuslar hamda ularning yaqin qarindoshlaridan, 39 tasi esa sayyor qabullar davomida qabul qilingan.
Murojaatlar tahliliga ko‘ra, ularning 55 foizi xotin-qizlar, 45 foizi erkaklar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Mavzu jihatidan esa 118 ta iqtisodiy, 116 ta ijtimoiy, 103 ta siyosiy, 38 ta shaxsiy huquq va erkinliklar, 1 ta ekologik huquq bilan bog‘liq masalalarni tashkil etgan.
Hisobotda qayd etilganidek, murojaatlarni o‘rganish natijasida inson huquqlari sohasidagi qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan davlat organlari va mansabdor shaxslarga 50 ta ta’sir chorasi kiritilgan bo‘lib, ularning barchasi qanoatlantirilgan.
Sessiyada fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish, Ombudsman instituti bilan davlat organlari hamkorligini yanada kuchaytirish, joylarda sayyor qabullar hamda monitoring tadbirlari ko‘lamini kengaytirish yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.
Ombudsmanning Sirdaryo viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Alimovning ta’kidlashicha, har bir murojaat ortida inson taqdiri va uning qonuniy manfaatlari turadi.
— Biz uchun murojaatlarning soni emas, ularning mazmun va natijasi muhim. Har bir murojaat yuzasidan xolis o‘rganish o‘tkazish, huquqbuzarliklarga sabab bo‘layotgan omillarni bartaraf etish hamda ularning takrorlanishiga yo‘l qo‘ymaslik ustuvor vazifamiz hisoblanadi. Sessiyada belgilangan vazifalar Ombudsman institutining davlat organlari va mahalliy Kengashlar bilan hamkorligini yanada mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash samaradorligini oshirishga xizmat qiladi, — dedi Shuhrat Alimov.
Sessiya yakunida kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinib, mas’ul idoralar oldiga belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijrosini ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berildi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri