Zamonaviy shaharlarning asosiy mezoni inson uchun yaratilgan qulayliklar bilan belgilanadi
Universitetga ilm istab ketayotgan talaba, salqin xiyobonda sayr qilayotgan keksalar, xavfsiz o‘yingohlarda beg‘ubor kulgisi jaranglayotgan jajji bolalar...
Zamonaviy shaharning asl qiyofasi ana shunday oddiy va samimiy manzaralarda namoyon bo‘ladi. Boisi, bugun shahar deganda faqat ko‘p qavatli uylar yoki keng ko‘chalar emas, avvalo, inson uchun qulay, xavfsiz va farovon yashash muhiti tushuniladi.
Joriy yilning 22-iyul kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Nurafshon shahrida bo‘lib, hududdagi transport va ijtimoiy infratuzilma, raqamli texnologiyalar, sanoat hamda shaharsozlik sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Aholining yashash sharoitini yaxshilash, zamonaviy shaharsozlik talablari asosida ko‘p qavatli uy-joylar, ijtimoiy soha va infratuzilma ob’ektlarini bunyod etish masalasi davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida.
Prezidentimizning 2022-yil 18-mayda qabul qilingan “Business city” zamonaviy ishbilarmonlik markazlari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarori hududlarda zamonaviy shaharlar muhitini shakllantirishda asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
[gallery-30545]
Nurafshon shahrining 415 gektar maydonida barpo etilayotgan “Nurafshon City” majmuasi ana shunday yirik loyihalardan biri sanaladi. Mazkur hududda bugungi kun talablariga mos turar joylar, davlat idoralari va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlari yagona shahar muhiti konsepsiyasi asosida barpo etilmoqda. Jumladan, viloyat prokuraturasi va sudi, ichki ishlar bosh boshqarmasi, Kiberxavfsizlik universiteti hamda Prezident maktabi kabi ob’ektlar o‘rin olgan.
Shuningdek, Yangi O‘zbekiston bog‘i, Zulfiya Zokirova memorial majmuasi, yong‘in-qutqaruv qismi va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi ham ayni hududdan o‘rin olgan. Bunday yondashuv aholining kundalik hayotini qulaylashtirish, xavfsiz va qulay yashash muhitini yaratishga xizmat qiladi. Bugungi kunga qadar 52 ta ko‘p qavatli turar joy binosidagi 3 mingdan ortiq xonadon foydalanishga topshirildi.
– Yaratilgan barcha sharoit, qulaylik va afzalliklar oilamizga juda yoqdi, – deydi hududning Yangiobod mahallasida istiqomat qilib kelayotgan Muyassar Iskandarova. – Uyimiz ro‘parasidagi bolalar maydonchalari nabiralarimiz uchun haqiqiy quvonch maskaniga aylandi. Asosiysi, aholi xavfsizligi nuqtai nazaridan kirish yo‘laklari va hududga kuzatuv kameralari o‘rnatilgani ko‘nglimizni to‘q qiladi. Bugun yoshlarimiz va nabiralarimizning mana shunday shinam, fayzli xonadonlarda baxtli yashayotganidan chin dildan quvonamiz.
Mazkur mahalla 2019-yilda tashkil etilgan bo‘lib, puxta rejalashtirilgan shaharsozlik hamda qulay turmush tarzining muvaffaqiyatli namunasi sanaladi. Zamonaviy infratuzilmaga ega 65 gektar maydonni egallagan ushbu mahallada qariyb 6 ming nafar aholi istiqomat qilmoqda.
Avtomobillardan xoli ichki hovlilar, keng piyodalar yo‘laklari, yashil hududlar va bolalar maydonchalari bugungi shaharsozlik talablari asosida loyihalashtirilgan. Bu esa bolalarning xavfsiz o‘ynashi, keksalarning bemalol sayr qilishi va aholining sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun qulay muhit yaratadi.
Mahallada yosh avlodning sifatli ta’lim olishi va sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun barcha zarur sharoit yaratilgan. Hududda davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, 3 ta futbol va 8 ta vorkaut maydonlari mavjud. Bu esa mahalla aholisining turmush sifati va yoshlarning mazmunli vaqt o‘tkazishi uchun xizmat qilmoqda.
Raqamlar ortida insonlar taqdiri va ularning turmush sifati turgandagina ular haqiqiy ma’no kashf etadi. Ayni paytda “Nurafshon City”da bunyodkorlik ishlari jadal davom etmoqda. Loyiha rejasiga ko‘ra, 2028-yil yakuniga qadar 250 ta ko‘p qavatli uy-joy barpo etilib, 125 ming nafar aholi xonadonlar bilan ta’minlanadi.
Hududda barpo etiladigan 21 gektarlik yangi istirohat bog‘i shahar shovqinidan xoli, aholi toza havodan bahramand bo‘ladigan va oilalar birga vaqt o‘tkazadigan maskanga aylanadi. Bularning barchasi "Nurafshon City"ni shunchaki turar joy majmuasi emas, balki yashash, ishlash va dam olish uyg‘unlashgan zamonaviy shahar makoniga aylantirmoqda.
Marhabo HOJIAKBAROVA,
O‘zA