Kreativ industriya: xalqaro hamkorlikni kengaytirish orqali mamlakatimizning madaniy nufuzi yuksaladi
Mamlakatimizda kreativ industriya, iqtisodiyotni innovatsion jihatdan rivojlantirish rag‘batlantirib borilmoqda. Mazkur sohadagi ijodiy salohiyatni iqtisodiy qiymatga aylantirish, shu sohada yangi ish o‘rinlarini yaratish, yoshlar va tadbirkorlarning ijodiy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
2026-yil 8-iyulda kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” qonun bilan sohada qanday o‘zgarishlar amalga oshiriladi?
– Yangi qonunning asosiy maqsadi – qo‘shimcha imtiyozlar berilishi orqali kreativ iqtisodiyotning yanada rivojlantirilishini ta’minlash uchun qulay shart-sharoitlar va rag‘batlantiruvchi mexanizmlar yaratishdir, – dedi Oliy Majlis Sanati a’zosi Abdusaid Ko‘chimov. – Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Kreativ industriya parki rezidentlari tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarga jalb qilingan mutaxassislar uchun ayrim soliq imtiyozlari berilishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Jumladan, Soliq kodeksidagi “Kreativ parkning” degan so‘zlar “Kreativ industriya parkining” degan so‘zlar bilan almashtirilib, “Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonundagi kreativ industriya parki tushunchasi bilan muvofiqlashtirildi.
Kiritilayotgan o‘zgarish va qo‘shimchalar bilan 2026-yil 1-yanvardan 2030-yil 1-yanvarga qadar bo‘lgan davrda Prezident Administratsiyasi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi hamda Kreativ industriya parki rezidentlari tomonidan amalga oshiriladigan loyihalarga jalb qilingan chet el kontragentlari qo‘shilgan qiymat solig‘i, to‘lov manbaida foyda solig‘i va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini to‘lashdan ozod qilindi.
Ushbu imtiyoz chet el kontragentlari kreativ industriya sohasiga bevosita bog‘liq bo‘lgan ishlarni bajarish, xizmatlar ko‘rsatish uchun jalb etilganda qo‘llaniladi.
Madaniyat va san’at jamg‘armasi tomonidan xalqaro va davlatlararo darajadagi tadbirlarni sifatli o‘tkazish maqsadida “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimcha kiritildi.
Shunga muvofiq, madaniyat va san’at bo‘yicha xalqaro hamda davlatlararo darajadagi tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq davlat xaridi to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha amalga oshirilishi mumkinligi belgilandi.
Bunday tadbirlarning darajalari esa qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi.
“Kreativ iqtisodiyot to‘g‘risida”gi qonunda Kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha respublika kengashining zimmasiga qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa vazifalar ham yuklatilishi mumkinligi belgilab qo‘yildi.
Yangi tashkil etilgan (ro‘yxatdan o‘tkazilgan) kreativ industriya sub’ektlarini kreativ industriya parkining rezidentligiga qabul qilishda ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan kreativ industriya sohasidagi faoliyatidan olingan daromadning minimal miqdori bo‘yicha shartlar inobatga olinmasligini nazarda tutuvchi norma ham qonunchilikka kiritildi.
Qonunda nazarda tutilgan shartlar moliya yilining yakunlariga ko‘ra bajarilmagan taqdirda, foydalanilgan imtiyozlar summasi soliq to‘g‘risidagi qonunchilikka asosan qayta hisoblanadi va byudjetga undiriladi.
Ushbu normalar bilan nazarda tutilgan qoidalar 2026-yil 1-yanvardan e’tiboran yuzaga kelgan munosabatlarga nisbatan ham tatbiq etiladi.
Qonun kreativ industriya sohasida yangi tashkil etilgan sub’ektlarni kreativ industriya parkining rezidentligiga qabul qilishda yengilliklar yaratdi. Madaniyat va san’at bo‘yicha xalqaro hamda davlatlararo tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha amalga oshirish imkoniyati ham yaratildi.
Xulosa qilib aytganda, qonun kreativ industriya sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirish, madaniy tadbirlarning sifati va ko‘lamini oshirish, mamlakatimizning xalqaro maydondagi madaniy nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA