Zamonaviy rahbarlik kompetensiyasi: aholi murojaatlari bilan samarali ishlash kerak
Prezidentimiz tomonidan xalq murojaatlari bilan ishlash tizimini takomillashtirish hamda jamoatchilik fikrini chuqur tahlil qilish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosi doirasida o‘quv kursi tashkil etildi.
Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasida tashkil etilgan tadbirda hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari, tuman tibbiyot birlashmalari, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hamda Respublika tez tibbiy yordam markazi filiallarining 140 nafar rahbar va mas’ul xodimi ishtirok etdi.
O‘quv dasturi zamonaviy davlat boshqaruvi tamoyillari asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, tinglovchilarning aholi murojaatlari bilan ishlash, korrupsiyaning oldini olish, raqamli sog‘liqni saqlash texnologiyalaridan samarali foydalanish, psixologik barqarorlikni ta’minlash, samarali muloqot olib borish hamda zamonaviy rahbarlik kompetensiyalarini rivojlantirishga qaratilgan.
Tadbirda Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisining o‘rinbosari Oral Ataniyazova sog‘liqni saqlash tizimi xodimlarining kasbiy bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha maxsus o‘quv kursida amalga oshirilayotgan islohotlar va davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari yuzasidan ma’ruza qildi.

Senator o‘z chiqishida mamlakatimizda tibbiyot sohasini modernizatsiya qilish, tibbiy xizmatlar sifatini oshirish, aholi uchun qulay va sifatli tibbiy xizmatlarni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.
“O‘zbekiston - 2030” strategiyasi doirasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini rivojlantirish, davlat tibbiy sug‘urtasi tizimini bosqichma-bosqich joriy etish, tibbiyot muassasalari faoliyatini raqamlashtirish, malakali kadrlar tayyorlash va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga e’tibor qaratildi.
Tinglovchilarga sog‘liqni saqlash sohasida qabul qilingan muhim normativ-huquqiy hujjatlar mazmun-mohiyati ham tushuntirildi, aholi murojaatlari bilan ishlashda tibbiyot xodimlarining mas’uliyati va sohadagi dolzarb vazifalar xususida fikr almashildi.
N.Abduraimova, O‘zA