Interpol: o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik qilgan shaxslar O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi
Interpolning Toshkent va Abu Dabi shaharlaridagi Milliy markaziy byurolarining hamkorlikdagi sa’y-harakatlari bilan xalqaro miqyosda Interpol kanallari orqali qidiruvda bo‘lgan jinoyatchilarni topshirish masalasi hal etildi.
Interpolning Toshkent va Abu-Dabi shaharlaridagi Milliy markaziy byurolarining yaqin hamkorligi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining Dubaydagi Bosh konsulxonasi huzuridagi vakilining ko‘magi va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi natijasida xalqaro qidiruvda bo‘lgan shaxslar O‘zbekistonning huquqni muhofaza qiluvchi organlariga topshirildi.
Ushbu fuqarolar o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik jinoyatini sodir etganliklari uchun O‘zbekiston Respublikasining vakolatli organlari tomonidan qidiruvga berilgan edi.
Xorijiy hamkorlar va O‘zbekiston tomonining kelishilgan sa’y-harakatlari tufayli qidiruvdagi shaxslar Interpol Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirilib, O‘zbekiston Respublikasiga olib kelindi.
Hozirgi vaqtda qo‘lga olinganlar zarur protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun tergov organlariga topshirildi. Kelgusida ular sud oldida javob beradi va ularga nisbatan O‘zbekiston qonunchiligiga muvofiq jazo belgilanadi.
Interpol Milliy markaziy byurosi sodir etilgan jinoyatlar uchun jazoning muqarrarligi tamoyilini ta’minlagan holda, chet elda odil sudlovdan yashirinib yurgan shaxslarning manzilini aniqlash va mamlakat hududiga qaytarish bo‘yicha tizimli ishlarni davom ettirmoqda.
N.Abduraimova, O‘zA