Zamonasidan o‘zib ketgan daho: Ibn Sino ilmiy merosining tibbiyot va tabiatshunoslikka ta’siri
Ibn Sino o‘z davrining nazariy qoliplaridan chekinib, tibbiyot, tabiiy va aniq fanlardagi kashfiyotlari bilan tizimli kuzatuv, tajriba va qat’iy mantiqqa asoslangan ilmiy uslubning poydevorini yaratdi.
Abu Ali ibn Sinoning ilmiy merosi uning birinchi navbatda nazariyotchi emas, balki amaliyotchi va tajribachi bo‘lganini ko‘rsatadi. Uning har bir sohadagi yutuqlari bevosita kuzatuv, sinchkov tahlil va mavjud bilimlarni shubha ostiga olish qobiliyatiga asoslangan. Tibbiyotda u insoniyat tarixida birinchilardan bo‘lib kasalliklarning ko‘zga ko‘rinmas qo‘zg‘atuvchilar orqali tarqalishi mumkinligi haqidagi farazni ilgari surdi. Bu kashfiyot vabo va o‘lat kabi yuqumli xastaliklarni bir-biridan aniq farqlashga va ular keng tarqalishining oldini olish uchun bemorlarni boshqalardan ajratish (karantin) tamoyilini joriy etishga olib keldi. Bu o‘rta asrlar uchun misli ko‘rilmagan ilg‘or qadam edi. U kasalliklarni aniqlashda ham yangi usullarni qo‘lladi: qorin bo‘shlig‘idagi suyuqlik va gaz yig‘ilishini farqlash uchun qorinni barmoq bilan chertib ko‘rish (perkussiya) usulini kashf qildi – bu uslub 600 yildan so‘ng Yevropada qayta kashf etildi. Shuningdek, u hozirda qandli diabet deb nomlanuvchi xastalikni bemor organizmidan ajraluvchi suyuqliklar tarkibidagi o‘zgarishlar asosida aniqlash usulini tavsiflagan.
Uning jarrohlik sohasidagi xizmatlari ham ulkandir. Ibn Sino jarrohlik amaliyotlarida og‘riqni sezdirmaslik maqsadida kuchli ta’sirga ega dorivor giyohlardan tayyorlangan maxsus vositalarni qo‘llab, amaliy anesteziya faniga asos soldi. U tomoqni kesib, nafas yo‘liga nay o‘rnatish (traxeotomiya), xavfli shishlarni olib tashlash, suyaklar chiqishini oddiy bosish bilan sozlash (hozirgacha “Avitsenna usuli” deb ataladi) va singan a’zolarni qotiruvchi bog‘lamlar bilan mahkamlash kabi o‘nlab murakkab amaliyotlarni muvaffaqiyatli bajargan. Bu usullarning aksariyati unutilib, bir necha asrlardan so‘nggina Yevropa tibbiyotida “yangi ixtiro” sifatida qaytarildi.

Ibn Sinoning ilmiy qiziqishlari tibbiyot bilan chegaralanmadi. U geologiya sohasida tog‘larning ikki xil yo‘l bilan: kuchli zilzilalar natijasida yer qobig‘ining ko‘tarilishi yoki suv va shamol ta’sirida atrofdagi yerlarning yemirilishi orqali paydo bo‘lishini ilmiy asoslab berdi. U tog‘ jinslari orasidan dengiz mavjudotlarining toshqotgan qoldiqlarini topib, bu hududlar qachonlardir dengiz tubi bo‘lganini va yer yuzasi doimiy geologik o‘zgarishda ekanini isbotladi. Bu kashfiyot o‘z davrining dunyo yaratilishi haqidagi tasavvurlariga nisbatan dadil nazariya edi.
Kimyo sohasida u alkimyogarlarning oddiy metallarni oltinga aylantirish mumkinligi haqidagi ming yillik urinishlariga nazariy nuqtadan zarba berdi. “Kitob ash-shifo” asarida u har bir metall o‘ziga xos, takrorlanmas modda ekanini, ularni bir-biriga aylantirish imkonsizligini ta’kidladi. Shu orqali u kimyo fanini mistik qarashlardan tozalab, uni ilmiy asosga qo‘yishga ulkan hissa qo‘shdi. U, shuningdek, minerallarni ilmiy tasnif qilgan birinchi olimlardandir. Uning ma’danlarni toshlar, eriydigan jismlar (metallar), oltingugurtli birikmalar va tuzlarga bo‘lishi o‘rta asrlar uchun mukammal tizim edi.
Aniq fanlar borasida Ibn Sino amaliy astronomiyaga yangilik kiritdi. U Jurjon shahrining geografik uzunligini Oyning eng baland nuqtasini kuzatish orqali aniqlash usulini ishlab chiqdi. Bu usul o‘z davri uchun yuqori aniqlikka ega bo‘lib, Yevropada Verner tomonidan 500 yildan keyingina qayta taklif etildi. Hatto musiqaga ham u ilmiy nuqtai nazardan yondashib, tovushlar orasidagi intervallar, ritm va garmoniyaning matematik qonuniyatlarini o‘rgandi va keyinchalik Yevropada “sof tizma” deb nom olgan tovushqatorni ilmiy asoslab berdi. Bu kashfiyotlarning barchasi Ibn Sinoning yagona ilmiy uslubi – tabiatni bevosita kuzatish, tajriba o‘tkazish va olingan natijalarni mantiqiy tahlil qilish orqali haqiqatga intilish tamoyilining mahsuli.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi,
O‘zA