SDSN O‘zbekiston uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi
O‘zbekiston barqaror rivojlanish sohasidagi xalqaro hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan muhim tashabbusga qo‘shildi.
Endi mamlakatda Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (SDSN)ning milliy platformasini shakllantirish bo‘yicha ishlar Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti ishtirokida amalga oshiriladi. Mazkur qaror SDSNga O‘zbekistondan a’zo bo‘lgan tashkilotlar orasida ilk bor qabul qilindi.
Ushbu voqea munosabati bilan Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar institutida Kolumbiya universiteti professori, taniqli iqtisodchi va SDSN prezidenti Jeffri Saks ishtirokida uchrashuv tashkil etildi. Unda Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishda ilm-fanning o‘rni, innovatsion yondashuvlarni kengaytirish, ekologik muammolarga samarali yechimlar ishlab chiqish hamda ta’lim sohasidagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish masalalari muhokama qilindi.

Tashrif Jeffri Saks va tadbirkor Patrik Chjun boshchiligida o‘tkazilayotgan "The Drive of Peace" xalqaro tashabbusi doirasida amalga oshirildi. Loyiha davomida delegatsiya Yevropa va Osiyoning qator mamlakatlarida davlat rahbarlari, hukumat a’zolari va xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda. Shuningdek, “BYD”, “Michelin”, “Santander”, “Franklin Templeton”, “Trip.com”, “Ferrari”, Kembrij universiteti, “FIFA” va “TikTok” kabi yirik kompaniya va tashkilotlar ham mazkur tashabbus ishtirokchilari hisoblanadi.
Uchrashuvda Oliy Majlis Senati, xalqaro tashkilotlar, yetakchi universitetlar va ilmiy muassasalar vakillari ham qatnashdi. Muloqotlar chog‘ida O‘zbekistonda SDSN milliy markazini tashkil etish masalasi alohida ko‘rib chiqildi. Qayd etilishicha, ushbu markaz mamlakatdagi ilmiy va ekspert salohiyatini birlashtirish, davlat organlari, ta’lim muassasalari va xususiy sektor o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, Markaziy Osiyoda 2030-yilgacha bo‘lgan Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga ko‘maklashadi.

Jeffri Saks o‘z ma’ruzasida jahon iqtisodiyotining yangi o‘sish nuqtalari tobora Osiyo hududiga ko‘chayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, bu Markaziy Osiyo davlatlari uchun xalqaro iqtisodiy, ilmiy va infratuzilmaviy loyihalarda faol ishtirok etish, yangi investitsiyalarni jalb qilish va global bilimlar almashinuviga kengroq qo‘shilish imkonini yaratadi. Shu bilan birga, mintaqa Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi muhim transport va iqtisodiy makon sifatida o‘z ahamiyatini yanada mustahkamlab bormoqda.
–Markaziy Osiyo Yevropa va Osiyoni bog‘lovchi strategik hudud sifatida tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekiston esa o‘zining qulay geografik joylashuvi, intellektual salohiyati va izchil islohotlari bilan ushbu jarayonning faol ishtirokchisi va mintaqaning yetakchi davlatlaridan biriga aylanish uchun barcha imkoniyatlarga ega, – dedi Jeffri Saks.

Tomonlar uchrashuv yakunida barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlikni izchil davom ettirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekistonning global bilimlar tarmog‘idagi ishtirokini yanada kengaytirish yuzasidan kelishuvga erishdi.
Ta’kidlash kerakki, mazkur tashabbus nafaqat O‘zbekistonning xalqaro ekspertlar hamjamiyati bilan hamkorligini mustahkamlaydi, balki mamlakatda barqaror rivojlanishga oid ilmiy tadqiqotlar, davlat siyosati va amaliy tashabbuslarni o‘zaro uyg‘unlashtirish uchun yangi imkoniyatlarni ham yaratadi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA