“Zakovat” intellektual o‘yini g‘oliblari aniqlandi
Navoiy shahridagi Yoshlar markazida viloyat yoshlar ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat Kengashi hamda “Zakovat intellektual klubi” NNT hamkorligida “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda turli sohalarda faoliyat yuritayotgan yoshlardan iborat jamoalar ishtirok etib, o‘zlarining bilimdonligi, tezkor fikrlashi, mantiqiy mushohada yuritish qobiliyati va jamoaviy hamjihatligini namoyish etdilar.

Musobaqa davomida ishtirokchilar turli yo‘nalishlardagi murakkab va qiziqarli savollarga javob topish uchun o‘z bilim va tajribalarini ishga soldilar. Har bir savol jamoalardan nafaqat chuqur bilim, balki tezkor fikrlash, mantiqiy xulosa chiqarish va to‘g‘ri qaror qabul qilishni talab etdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 1-o‘rinni Yoshlar ishlari agentligi Qiziltepa tuman bo‘limi jamoasi, 2-o‘rinni Navoiy davlat universiteti jamoasi va 3-o‘rinni Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti jamoasi egalladi.

G‘olib va sovrindor jamoalar tadbir tashkilotchilari tomonidan taqdirlandi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri