Eksport salohiyatini oshirish va xalqaro standartlarni joriy etish masalalari muhokama qilindi
Bugun jahon bozorida mahsulotning raqobatbardoshligi nafaqat uning narxi va sifati, balki xalqaro standartlarga muvofiqligi, xavfsizligi va belgilangan texnik talablarga javob berishi bilan ham belgilanmoqda.
Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan tadbirkor va sanoat korxonalari uchun bu talablar yangi eksport bozorlariga chiqishda muhim omilga aylanmoqda.
Shu maqsadda Samarqand viloyati hokimligi hamda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi hamkorligida tadbirkorlar, sanoat korxonalari va eksportyorlar ishtirokida ochiq muloqot tashkil etildi. Unda eksport salohiyatini oshirish, xalqaro standartlarni ishlab chiqarishga joriy etish, sertifikatlashtirish, metrologiya, mahsulotlarni yorliqlash hamda Yevropa bozorlariga chiqish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Bugungi kunda viloyatda 5 443 ta sanoat korxonasi faoliyat yuritmoqda. Ularning 478 tasi eksportyor korxonalar hisoblanadi. 2026-yilning yanvar–iyul oylarida esa 553 ta eksportyor korxona tomonidan dunyoning 79 ta davlatiga 783,03 million dollarlik mahsulot eksport qilingan. Bu ko‘rsatkichlar viloyatda ishlab chiqarish va eksport imkoniyatlari kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, tashqi bozorlarda mustahkam o‘rin egallash uchun mahsulotlarni xalqaro talablar asosida ishlab chiqarish va sertifikatlashtirish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Hududdagi sanoat korxonalarining mavjud holatini o‘rganish va ularga amaliy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida 3 532 ta korxonada joyiga chiqqan holda o‘rganish ishlari olib borildi. Natijada 276 ta korxonaga amaliy yordam ko‘rsatildi. Ko‘maklar xalqaro sertifikatlashtirish, standartlashtirish, metrologiya, mahsulotlarni yorliqlash va sinovdan o‘tkazish kabi yo‘nalishlarni qamrab oldi. Bunday ishlarning amaliy natijasini viloyatdagi ayrim korxonalar misolida ham ko‘rish mumkin.
Masalan, «Sam Rafoat Tekstil» MCHJda Oeko-Tex va ISO 9001 xalqaro standartlari joriy etilgan. Natijada korxonaning eksport hajmi 6,4 million dollardan 6,6 million dollarga yetgan. Bugungi kunda korxona Ozarbayjon, Belarus, Bolgariya, Qozog‘iston, Moldova, Rossiya, AQSH, Ukraina va Yaponiya kabi davlatlarga mahsulot eksport qilmoqda.
Yana bir misol — «Sam-Ferre» MCHJ. Korxonada ISO 9001, ISO 14001, ISO 50001 va ISO 45001 xalqaro standartlari joriy etilishi natijasida Gruziya, Afg‘oniston va Suriya bozorlariga eksport yo‘lga qo‘yilgan. Ayni paytda korxonada ishlab chiqarilayotgan vitrinali sovutgichlarning uch xil modeli uchun CYe markirovkasini joriy etish maqsadida Chexiyada sinov ishlari olib borilmoqda. Bu esa mahsulotlarning xalqaro, xususan, Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Ochiq muloqot davomida tadbirkor va eksportyorlarning taklif hamda murojaatlari ham tinglandi. Ularning mahsulotlarni xalqaro talablarga muvofiqlashtirish, texnik to‘siqlarni bartaraf etish, sertifikatlashtirish jarayonlarini takomillashtirish va eksport geografiyasini kengaytirish bilan bog‘liq masalalariga amaliy tavsiyalar berildi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, korxonalarda xalqaro standartlarning joriy etilishi nafaqat mahsulot sifatini yaxshilash, balki yangi tashqi bozorlarga kirish uchun zarur talablarni bajarish imkonini ham beradi.
Samarqandda bu boradagi hamkorlikning davom ettirilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatbardoshligini oshirish, mahsulotlarning xalqaro talablarga mosligini ta’minlash va eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qilishi ko‘zda tutilgan.
Hamroz Bayonov,O‘zA