Samarqand prokuraturasi tadbirkorlar uchun yordam bot tashkil etdi
Samarqand viloyati prokuraturasi tadbirkorlarning murojaat qilish imkoniyatini kengaytirish maqsadida @samtadbirkoryordambot telegram botini ishga tushirdi.
– Asosiy maqsad – tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, 24/7 rejimida prokuraturaga murojaat qilishlariga sharoit yaratish, – deydi Samarqand viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Sadriddin Samariddinov. – Shu paytgacha tadbirkor bizga murojaat qilmoqchi bo‘lsa, prokuraturaga kelib ariza yozishi yoki pochta orqali yuborishi lozim edi. Bu ma’lum vaqt olar, tadbirkor sarsongarchilikni o‘ylab, ariza berishga hafsala qilmasdi. Endilikda qayerda bo‘lsa ham mazkur botga kirib, ro‘yxatdan o‘tgan holda duch kelayotgan muammosini ko‘rsatgan holda murojaat qilishi mumkin. Har bir murojaat alohida raqam bilan ro‘yxatga olinadi va tadbirkor faoliyat ko‘rsatayotgan hudud prokuroriga yo‘naltiriladi va o‘z navbatida viloyat prokuraturasi nazoratida turadi. Tadbirkor o‘z murojaati holatini ham shu yerda kuzatib borish, natijasi haqida so‘rash imkoniyatiga ham ega. Murojaat qonunchilikda belgilangan muddat ichida ko‘rib chiqilib, bot orqali tadbirkorga javob beriladi.
Tadbirkor mazkur bot orqali murojaat qilgach, u haqdagi ma’lumotlar tizim xotirasida saqlanadi va keyingi gal to‘g‘ridan-to‘g‘ri kirib, duch kelayotgan muammoni yozib qoldirishi mumkin.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri