“Suv xabi” innovatsion markazi ish boshladi
Suv resurslaridan samarali foydalanish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash bugungi kunning muhim vazifalaridan hisoblanadi. Bu yo‘nalishda ilm-fan yutuqlarini amaliyot bilan bog‘lash va raqamli boshqaruv usullarini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar muhim o‘rin tutadi.
“Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universitetida Suv xo‘jaligi vazirligi ko‘magida tashkil etilgan “Suv xabi” (Water Hub) innovatsion markazi ana shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Markazning ochilish marosimida suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev, universitet rektori Bahodir Mirzayev va boshqalar so‘zga chiqib, suv resurslarini samarali boshqarish, sohada zamonaviy texnologiyalardan foydalanish va malakali mutaxassislar tayyorlashning ahamiyatini ta’kidladi.

Yangi markazda suvni sug‘orish manbasidan ekin maydonlarigacha yetkazish jarayonlarini raqamli boshqarishga qaratilgan yechimlar ishlab chiqiladi va takomillashtiriladi. Shuningdek, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish, soha mutaxassislarining kasbiy salohiyatini oshirish hamda ilg‘or texnologiyalardan foydalanishni kengaytirishga e’tibor qaratiladi.
Markaz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 2-apreldagi “Qishloq va suv xo‘jaligi muhandislarini tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi bilan bog‘liq holda tashkil etilgan. Faoliyatga xorijdagi vatandosh olimlar va nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilarini jalb etish ham rejalashtirilgan.

Tadbirda universitetning faol professor-o‘qituvchilariga tashakkurnomalar topshirildi. Shuningdek, 2026/2027 o‘quv yili uchun “Suv xo‘jaligi vaziri stipendiyasi”ga loyiq ko‘rilgan olti nafar iqtidorli talaba e’lon qilindi.
Vazirlik axborot xizmatiga ko‘ra, avvalgi yillarda mazkur stipendiyani qo‘lga kiritgan 22 nafar talabaning 12 nafari ushbu universitetda tahsil oladi. Stipendiya sohiblariga vazirlik va uning tizim tashkilotlarida amaliyot o‘tash, shuningdek, ishga joylashish imkoniyatlari yaratilmoqda.
Yangi markaz suv xo‘jaligida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish, ilmiy ishlanmalarni amaliyotga joriy etish va soha mutaxassislarining salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA