O‘zbekiston sport tibbiyoti xalqaro e’tirofga erishdi
O‘zbekiston sport tibbiyoti xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi. Olingan nufuzli sertifikat mutaxassislarimizga jahon hamjamiyati bilan hamkorlikning keng imkoniyatlarini ochmoqda.
Chili poytaxti Santyago shahrida Xalqaro sport tibbiyoti federatsiyasi(FIMS) ning kongressi davomida olib borilgan muzokaralar natijasida O‘zbekiston sport tibbiyoti mutaxassislari tomonidan qo‘yiladigan tashxislar xalqaro darajada tan olinishiga erishildi.
Kongressda mamlakatimiz sport tibbiyoti mutaxassislarining chiqishlari, amaliy takliflari keng jamoatchilik tomonidan iliq qarshi olindi.

Muhokamalar natijasida O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi FIMSning hamkor tashkilotlaridan biri ekanini bildiruvchi sertifikat taqdim etildi.
E’tiborli jihati, mazkur sertifikat Milliy olimpiya qo‘mitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi uchun xalqaro hamkorlikning yangi imkoniyatlarini ochish bilan birga mamlakatimiz sport tibbiyoti mutaxassislari tomonidan qo‘yilgan tashxislar xalqaro sport tibbiyoti tashkilotlari tomonidan tan olinishiga erishilishini ta’minladi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA