Yurtimizda turizm salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi
Toshkent shahar hokimligida Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligi, Turizm qo‘mitasi, “Hunarmand” uyushmasi vakillari hamda hunarmandlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Ma’lumki, hunarmandchilik mahsulotlarini turizm va savdo tizimiga kengroq jalb etish masalalari O‘zbekistonda milliy madaniyatni targ‘ib qilish, ichki va tashqi turizmni rivojlantirish hamda aholi bandligini ta’minlashning eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Muloqot davomida hunarmandchilik mahsulotlarini turizm ob’ektlari, yirik buyurtmachilar va davlat xaridlari tizimiga kengroq jalb etish, ushbu mahsulotlarga barqaror talabni shakllantirish hamda eksport salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, hunarmandlarning turizm sohasi vakillari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorligini yo‘lga qo‘yish, xomashyo ta’minoti, sotuv bozorlarini kengaytirish, yirik buyurtmalarni bajarish, mahsulotlarni zamonaviy qadoqlash va brendlash bilan bog‘liq muammo va takliflar tinglandi.

Ta’kidlanganidek, hunarmandchilik milliy an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylash bilan birga, yangi ish o‘rinlari yaratish, aholi daromadlarini oshirish hamda mahalliy mahsulotlarning ichki va tashqi bozorlardagi ulushini kengaytirishga xizmat qiluvchi muhim iqtisodiy yo‘nalish hisoblanadi.
G.Boboyeva, O‘zA