“Yil o‘qituvchisi” tanlovi: ikki pedagogning natijasi teng kelib qolsa, g‘olib qanday aniqlanadi?
“Yil o‘qituvchisi” tanlovining uchinchi bosqichi yakunlanib, natijalar Tashkiliy qo‘mita tomonidan muhokama qilindi.
Har bir bosqich yakunlari umumlashtirilganda ayrim pedagoglarning to‘plagan ballari teng kelib qolgani sababli g‘olibni aniqlash uchun qo‘shimcha sinov o‘tkazishga qaror qilindi.
Muhokamalar davomida ballari teng bo‘lgan pedagoglar o‘rtasida mutaxassislik fani bo‘yicha test sinovi o‘tkazilishi belgilandi.
Bu borada maktabgacha va maktab ta’limi vazirining “Yil o‘qituvchisi” tanlovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha Tashkiliy qo‘mita qarori ijrosi to‘g‘risida”gi 2026-yil 28-avgustdagi tegishli buyrug‘i bilan tegishli vazifalar belgilandi.
Xususan, Pedagog kadrlarga malaka toifalarini berish jarayonini tashkil etish va kasbiy sertifikatlash boshqarmasi hamda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi huzuridagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markaziga alohida topshiriqlar berildi.
E’tiborlisi, tanlovning har bir bosqichida erishgan natijalari teng kelib qolgan Sariosiyo tumanidagi ikki nafar pedagog o‘rtasida g‘olibni aniqlash uchun qo‘shimcha sinov o‘tkaziladi.
Belgilangan tartibga ko‘ra, mazkur ikki pedagog 11-sentabr kuni Surxondaryo viloyatida mutaxassislik fani bo‘yicha qo‘shimcha test sinovida ishtirok etadi.
Shu tariqa, “Yil o‘qituvchisi” tanlovida natijalari teng kelgan ikki pedagogdan qay biri yuqori natija qayd etishi qo‘shimcha sinovdan so‘ng ma’lum bo‘ladi. Eng muhimi, bu sinov pedagoglarning kasbiy bilimi va mutaxassislik bo‘yicha tayyorgarligini yana bir bor baholash imkonini beradi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA