Yurtimiz sharafini munosib himoya qilishdi
Yangi O‘zbekistonda yoshlarni ilm-fanga jalb etish, ularning muhandislik salohiyatini yuksaltirish, xalqaro maydonda munosib raqobat qila oladigan mutaxassislarni tayyorlash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ayniqsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan oliy ta’lim, innovatsiya, raqamli texnologiyalar va robototexnika sohalariga qaratilayotgan yuksak e’tibor o‘zining amaliy natijalarini bermoqda. Bugun o‘zbekistonlik yoshlar dunyoning eng nufuzli maydonlarida Vatan bayrog‘ini baland ko‘tarib, mamlakatimiz ilmiy salohiyatini munosib namoyon etishmoqda.
Ana shunday yuksak yutuqlardan biri Xitoy Xalq Respublikasining Xaynan provinsiyasi, Sanya shahrida o‘tkazilgan nufuzli World Robot Summit (WRS) xalqaro robototexnika chempionatida qayd etildi. Mazkur musobaqada Buxoro davlat texnika universiteti talabalari O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida ishtirok etib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilishdi.
Ushbu xalqaro chempionatda qatnashish imkoniyati har bir jamoaga nasib etavermaydi. Yo‘llanmalar mamlakatimizda “Muhandislik oyligi” doirasida tashkil etilgan “Kelajak muhandislari” xalqaro festivali hamda “First Robotics Uzbekistan” musobaqasida yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan eng kuchli oliy ta’lim muassasalariga taqdim etildi. Bu esa buxorolik yosh muhandislarning bilim, mahorat va ijodiy salohiyati yuqori baholanganining yana bir isbotidir.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, Buxoro davlat texnika universiteti talabalari ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi “Runner Up” yo‘nalishida faxrli ikkinchi o‘rinni egallab, kumush medal sohibi bo‘ldi. Bu nafaqat universitet, balki butun mamlakatimiz ta’lim tizimi uchun ulkan yutuq sifatida e’tirof etilmoqda.
Bundan tashqari, jamoa FIRST Tech Challenge (FTC) China Offseason Event xalqaro musobaqasida “Eng faol va namunali jamoa” nominatsiyasi g‘olibi deb topildi. Bu e’tirof jamoaning nafaqat texnik bilim va muhandislik yechimlari, balki intizom, jamoaviy hamjihatlik, tashabbuskorlik hamda xalqaro hamkorlik madaniyati yuksak darajada ekanini ham ko‘rsatdi.

Erishilgan ushbu natijalar Buxoro davlat texnika universitetida robototexnika, muhandislik, raqamli texnologiyalar va innovatsion tadqiqotlarni rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan tizimli islohotlarning amaliy samarasidir. Universitetda yaratilayotgan zamonaviy laboratoriyalar, amaliy loyihalar, startap ekotizimi hamda xalqaro hamkorlik dasturlari talabalarning bilim va ko‘nikmalarini jahon andozalari darajasiga olib chiqishga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, bu kabi muvaffaqiyatlar Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda yoshlarga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaliy ifodasidir. Davlatimiz rahbari har bir chiqishida yoshlarning zamonaviy kasb-hunarlarni, muhandislik yo‘nalishlari, robototexnika, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirishi Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining hal qiluvchi omili ekanini alohida ta’kidlab kelmoqda. Shu maqsadda muhandislik ta’limi sifatini oshirish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro musobaqalarda ishtirok etish uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Buxorolik yoshlarning Xitoyda qo‘lga kiritgan ushbu muvaffaqiyati ana shu ezgu siyosatning yorqin samarasidir. Ular o‘z bilimlari, mehnati va iqtidori bilan nafaqat universitet, balki butun O‘zbekistonning xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirishga munosib hissa qo‘shishdi.
Shubhasiz, bugun robot yasagan yoshlar ertangi Yangi O‘zbekistonning sanoati, innovatsiyasi va raqamli iqtisodiyotini barpo etadigan muhandislardir. Buxoro davlat texnika universiteti talabalarining mazkur tarixiy yutug‘i minglab yoshlar uchun ilhom manbai, ilm-fanga intilish va buyuk maqsadlar sari dadil qadam tashlashga undaydigan yorqin namuna bo‘lib qoladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri