Xalqaro payvandlash institutiga a’zolik: global sanoat standartlari sari yangi qadam
Xalqaro payvandlash instituti (International Institute of Welding - IIW)ning 79-Bosh assambleyasida O‘zbekiston rasman ushbu tashkilotga a’zo bo‘ldi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur institutga a’zolik milliy payvandlash sanoatini rivojlantirish, sanoat ishlab chiqarish sifatini oshirish va mamlakatni xalqaro texnik standartlar hamda kasbiy malaka tizimiga integratsiya qilish uchun yangi imkoniyatlar ochadi. IIW a’zoligining asosiy afzalligi xalqaro professional va texnologik ekotizimga kirish imkoniyatidir. Tashkilot butun dunyodan mutaxassislar, tadqiqotchilar, sanoat va ta’lim muassasalari vakillarini birlashtiradi hamda bilim almashish, payvandlash va materiallarni birlashtirishning ilg‘or texnologiyalarini rivojlantirish, xalqaro standartlashtirish, shuningdek, ta’lim, tayyorgarlik, malaka va sertifikatlashtirish tizimlarini takomillashtirishga hissa qo‘shadi.
O‘zbekiston uchun bu kadrlar tayyorlash va kasbiy kompetensiyalarni shakllantirishga xalqaro yondashuvlarni yanada faolroq joriy etish imkoniyatini anglatadi. IIW International Welding Engineer (IWE), International Welding Technologist (IWT), International Welding Specialist (IWS), International Welding Practitioner (IWP) va International Welding Inspector (IWI) kabi mutaxassislarning xalqaro malaka tizimlariga ega. Bunday mexanizmlar mutaxassislarning xalqaro talablar bilan taqqoslanadigan kompetensiya darajasini shakllantirish va milliy kadrlarning raqobatbardoshligini oshirish imkonini beradi.
Bu, ayniqsa, sanoat eksporti uchun muhim ahamiyatga ega. Mahsulotlarning payvandlangan birikmalar sifati, ishlab chiqarish jarayonlari va xodimlar malakasiga qo‘yiladigan xalqaro talablarga muvofiqligi qanchalik yuqori bo‘lsa, korxonalarning xalqaro ishlab chiqarish zanjirlariga qo‘shilishi hamda yirik infratuzilma va sanoat loyihalarida ishtirok etishi shunchalik osonlashadi. Shu nuqtai nazardan, IIWga a’zolik O‘zbekiston ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlari va vakolatlariga ishonchni oshirish vositalaridan biriga aylanishi mumkin.

Yana bir muhim yo‘nalish mutaxassislarni tayyorlash va sertifikatlash milliy tizimini rivojlantirishdir. IIW xodimlarni o‘qitish, malakasini oshirish va sertifikatlash bo‘yicha xalqaro uyg‘unlashtirilgan yondashuvlarni, shuningdek, tegishli dasturlarni amalga oshirish uchun milliy tashkilotlarni avtorizatsiya qilish mexanizmlarini nazarda tutadi. Shu bilan birga, IIW a’zosi maqomini olish mamlakatda xalqaro malaka va sertifikatlashtirish milliy infratuzilmasini yanada rivojlantirishning muhim sharti hisoblanadi. Ushbu tashkilotda milliy vakil sifatida Olmaliq davlat texnika instituti rasman tasdiqlandi.
O‘zbekistonning Xalqaro payvandlash institutiga a’zo bo‘lishi sanoatni texnologik modernizatsiya qilish, kadrlar malakasini oshirish, xalqaro sifat standartlarini joriy etish va mamlakatning eksport salohiyatini mustahkamlash vositasidir. Uzoq muddatli istiqbolda IIWga a’zolik O‘zbekistonda xalqaro professional makonga integratsiyalashgan payvandlash texnologiyalari, ta’lim, malaka va sertifikatlashning zamonaviy milliy tizimini shakllantirishga o‘z hissasini qo‘shadi.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri