Yurt taraqqiyotiga hissa qo‘shganlar e’tirof etildi
Mehnatning qadr topishi insonga kuch, ishonch va yangi maqsadlar sari intilish uchun ruh bag‘ishlaydi. Ayniqsa, yillar davomida o‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilib, yurt taraqqiyoti va jamiyat ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgan insonlarning davlat tomonidan yuksak e’tirof etilishi nafaqat sharaf, balki zimmadagi mas’uliyatni yanada oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida Sirdaryo viloyatida ana shunday fidoyi yurtdoshlarning mehnati munosib qadrlandi. Viloyat hokimligida bir guruh sirdaryoliklarga davlat mukofotlari va esdalik nishonlarini tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Prezident farmoniga muvofiq, viloyatning turli sohalarida samarali mehnat qilib kelayotgan 18 nafar sirdaryolik orden va medallar bilan taqdirlandi. Shuningdek, 948 nafar yurtdoshimizga O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35 yilligi esdalik nishonlari topshirildi.
Mukofotlanganlar orasida ta’lim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalla va jamoatchilik sohalari vakillari bor. Ularning har biri o‘z faoliyat yo‘nalishida sidqidildan mehnat qilib, aholi farovonligi, hudud taraqqiyoti va jamiyat ravnaqiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Tantanali marosimda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, nuroniylar, mehnat faxriylari, faol yoshlar, mukofot sohiblari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etishdi.
[gallery-31081]
Tadbirda ta’kidlanganidek, davlat mukofoti — insonning muayyan yutug‘iga berilgan oddiy baho emas. Uning zamirida yillar davomidagi izlanish, mehnat, mas’uliyat va el-yurt manfaati yo‘lidagi fidoyilik mujassam. Shu ma’noda, bugungi e’tirof har bir mukofot sohibining o‘z kasbiga bo‘lgan sadoqatiga berilgan yuksak bahodir.
Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov mukofotlanganlarni Mustaqillik bayrami bilan samimiy qutlab, ularning mehnati va fidoyiligi yuksak e’tirofga munosib ekanini qayd etdi.
— Bugungi mukofotlar, avvalo, yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotgan insonlarga bildirilgan yuksak e’tibor va ishonchning ifodasidir. Sizlarning har biringiz o‘z sohangizda samarali mehnat qilib, jamiyatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqdasiz. Bu e’tirof yangi marralar sari intilishingizga kuch va rag‘bat bag‘ishlasin, — dedi viloyat hokimi.
Shundan so‘ng davlat mukofotlari va esdalik nishonlari o‘z egalariga tantanali ravishda topshirildi.
Ular orasida II darajali «Sog‘lom avlod uchun» ordeni bilan taqdirlangan Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining Sirdaryo viloyati hududiy filiali bo‘lim mudiri Nazira To‘rayeva ham bor.
— Bunday yuksak e’tirof men uchun katta sharaf va mas’uliyatdir. Bugun tibbiyot sohasiga qaratilayotgan e’tibor har bir shifokor zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Bildirilgan ishonchni oqlash, aholi salomatligini muhofaza qilish va bemorlarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish yo‘lida bor bilim va tajribalarimni safarbar etaman, — dedi Nazira To‘rayeva.
E’tirof esa insonni to‘xtatib qo‘ymaydi. Aksincha, uni yanada mas’uliyatli bo‘lish, yangi tashabbuslarni ilgari surish va o‘z sohasida yanada yuqori natijalarga erishishga undaydi.
Sirdaryolik mukofot sohiblarining bugungi e’tirofi ham ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilib, ularni yangi marralar sari ilhomlantirishi shubhasiz.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA