Toshkentda MDH yosh olimlari zilzila prognozini o‘rganmoqda(+video)
Mintaqada zilzila xavfini kamaytirish uchun kuchlar birlashdi. Toshkentda MDHning 9 davlatidan yosh olimlar seysmik faollikni baholash va prognoz qilishning zamonaviy usullarini o‘zlashtirmoqda.
Toshkentda MDHning 9 ta davlati — O‘zbekiston, Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Moldova, Rossiya va Tojikistondan 40 dan ortiq yosh mutaxassis va olimni birlashtirgan xalqaro maktab o‘z ishini boshladi.
Tadbirning asosiy e’tibori — seysmik xavfni baholash va zilzilalarni prognoz qilishning zamonaviy usullarini o‘rganishga qaratilgan.
Ishtirokchilar seysmologik signallarni qayta ishlash, raqamli ma’lumotlarni tahlil qilish va eng yangi dasturiy ta’minotlar bilan ishlash ko‘nikmalarini o‘zlashtirmoqda.
Shuningdek, bino va inshootlarga zilzilaning seysmik ta’sirini aniq hisoblash uchun kompyuter texnologiyalari asosida amaliy modellashtirish usullari o‘rganilmoqda.
Yosh olimlar Toshkent seysmologiya observatoriyasi hamda «Yangibozor» geofizika observatoriyasi faoliyati bilan ham tanishadi.
Tashkilotchilar ta’kidlaganidek, mazkur loyiha MDH yosh olimlari o‘rtasida professional aloqalarni mustahkamlash, transchegaraviy hududlarda seysmik faollikni kuzatishning yagona tizimini yaratish va tabiiy ofatlar xavfini kamaytirishga qaratilgan.
Maktab davomida ishtirokchilar sohaning yetakchi akademiklari va xalqaro ekspertlaridan ma’ruzalar tinglab, tajriba almashadi.
Mohichehra Eshmirzayeva, Oybek Davronov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA