Yuksak natija – o‘zaro hamkorlik mahsuli
Munosabat
Bugun mamlakatimizda barcha sohalar qatori jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, keng aholi qatlami orasida sportning ommaviyligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, salohiyatli, o‘z kuchiga ishongan iqtidorli yoshlarni tarbiyalash, ularga munosib shart-sharoit yaratish masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani va bu borada yetarlicha mablag‘lar ajratilayotgani ayni haqiqat.
Bu kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida sportni ommalashtirish, sport ta’limini yaxshilash va iqtidorli sportchilarni tayyorlash bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ham alohida ta’kidlandi. Oxirgi besh yilda sportni rivojlantirishga qariyb 4 trillion so‘m yo‘naltirilib, 118 ta yangi sport inshootlari foydalanishga topshirildi. 110 ga yaqin ob’ektlar ta’mirlandi. Joriy yilda sportga 2 trillion 300 million so‘m, shundan sport ta’lim muassasalariga 1 trilliondan ziyod mablag‘ ajratildi.
Ilk bor barcha mahallalarda yoshlar yetakchilari, jismoniy tarbiya va sport o‘qituvchilari, bolalar o‘smirlar va sport maktabi murabbiylarini jalb etgan holda besh bosqichdan iborat yangi musobaqalar turkumi boshlanib, unda 3 milliondan ziyod yoshlar qamrab olindi. Shunga qaramay sportdagi natijalar yaratilgan sharoitlarga to‘la mos emasligi kuyunchaklik bilan ko‘rsatib o‘tildi.
Eng muhimi, sport ta’lim muassasalari o‘rtasidagi uzviy hamkorlikning yo‘lga qo‘yilmagani va yaxlit tizimning mavjud emasligi jahon sport arenalarida va nufuzli musobaqalarda mahoratli sportchilarimizning zafarli odimlari pasayishiga olib kelmoqda. Shu o‘rinda bir haqiqatni tan olish joizki, xalqaro musobaqalarda qatnashish uchun sportchilarimizga yaratilayotgan munosib sharoitlarga qaramasdan nufuzli musobaqalarda sanoqli sportchilargina faxrli o‘rinlarni egallamoqda.
Eng katta muammo jamoaviy musobaqalarda sportchilarimizning qup-quruq qaytib kelishidir. Respublikadagi olimpiya zaxiralari kollejlari, ixtisoslashtirilgan oliy mahorat maktablari, bolalar-o‘smirlar sport maktablari o‘rtasidagi uzviylikning yo‘qligi yig‘ilishda asosli ravishda tanqid qilindi.
Yig‘ilish davomida Prezidentimiz tomonidan sportchilarni tayyorlash va seleksiya qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi alohida ko‘rsatildi. Bu tizim yoshlarni sportga jalb etish, iqtidorli sportchilarni tanlash, saralash, izlash va katta sportga oshno etish yo‘lidagi yangicha yondoshuvning namunasi hisoblanadi.
Buxoro viloyati misolida har bir mahallalarda o‘tkaziladigan musobaqalar mavsumiy taqvim (aprel-iyun, sentyabr-dekabr) asosida o‘tkaziladi va Yoshlar yetakchilari tomonidan elektron ro‘yxatga olinadi. Bolalar-o‘smirlar sport maktablarining sport turlari bo‘yicha malakali trenerlari salohiyatli sportchi yoshlarga biriktiriladi va ular sakkiz oygacha bepul shug‘ullanadi.
Mazkur jarayonda saralangan eng iqtidorli sportchi yoshlar sport turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan maktabga qabul qilinadilar. Shu taxlid nafaqat shaharda, balki chekka-chekka qishloqlarda sport bilan shug‘ullanishni o‘ziga maqsad qilgan iqtidorli, ko‘zi chaqnab turadigan sportchilar saralanadi. Yana bir quvonarli holat, sport maktabi trenerlarining ish haqi 35 foizga, yaxshi natija ko‘rsatgan maktab direktorlari, trenerlar va mutaxassislar oyligiga 50 foiz, xududiy chempionatlarda g‘olib sportchilarni tayyorlagan murabbiylarga 5 foiz, respublika chempionatlarida g‘oliblarni tayyorlaganlarga 20 foiz ustama haq berilishi alohida ko‘rsatildi.
Prezidentimiz tomonidan yaratilayotgan sharoitlarga munosib tarzda sohada faoliyat ko‘rsatayotgan barcha mutaxassislar o‘z faoliyatimizni qayta tahlildan o‘tkazib, ikki muhim yo‘nalishda hamkorlikni tizimli asosda tashkil etishimiz maqsadga muvofiq.
Birinchisi, respublikamizdagi barcha sport ta’lim muassasalari (OZK, BO‘SM, IBO‘SM) bilan hamkorlikni yangicha uslubda yo‘lga qo‘yishimiz, olimpiya zaxiralari kollejini bitirayotgan iqtidorli, salohiyatli bitiruvchilarni oliy ta’limga yo‘naltirishimiz kerak.
Ikkinchisi, universitet xududidagi mahallalar bilan hamkorlikni yanada kuchaytirib, yig‘ilishda ko‘rsatilgan tizim asosida musobaqalarni tashkil etishimiz, iqtidorli yoshlarni sport turlari bo‘yicha alohida guruhlarga ajratishga yaqindan ko‘maklashishimiz shart. Agar biz mazkur tizimdagi hamkorlikni namunali tarzda yo‘lga qo‘ya olsak, tez fursatda yaxshi natijalarga erisha olamiz.
Shavkat ABIDOV,
O‘zbekiston davlat jismoniy
tarbiya va sport universiteti
“Futbol nazariyasi va uslubiyati”
kafedrasi mudiri, dotsent
O‘zA