Yuksak marralarni zabt etamiz
O‘zA muxbirlari Universiada qatnashchilarining taassurotlari bilan qiziqdi.
O‘zA muxbirlari Universiada qatnashchilarining taassurotlari bilan qiziqdi.Azamat Matyoqubov, Urganch davlat universiteti talabasi:
– Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan uch bosqichli uzluksiz sport tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari biz, yoshlarga katta imkoniyat yaratmoqda.
Sportning dzyudo turi bilan shug‘ullanaman. 2012-yilda Navoiyda o‘tkazilgan “Umid nihollari”da ishtirok etib, g‘olib bo‘ldim. Universiada musobaqalari unutilmas voqealarga boy bo‘lmoqda. Sport o‘yinlari mobaynida o‘tkazilgan uchrashuv va tadbirlarda ishtirok etyapmiz. Samimiy ruhda kechgan muloqotlar davomida shuni his qildikki, yurtimiz shuhratini kelajakda dunyoga taratadigan navqiron yangi avlod voyaga yetmoqda. Ular orasida Osiyo va jahon chempionatlari sovrindorlarining borligi mamlakatimizda sportga qaratilayotgan yuksak e’tiborning amaldagi natijasidir.
Marg‘uba Rabbimova, Samarqand viloyatining gandbol bo‘yicha terma jamoasi a’zosi:
– Biz, yoshlarning kamoloti yo‘lida yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar uchun Prezidentimizdan minnatdormiz. Universiada sport musobaqalari yoshlar qalbini nechog‘li to‘lqinlantirganini so‘z bilan ifodalab berish qiyin. Ayniqsa, Prezidentimizning musobaqa ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigi barcha yoshlarni g‘oyat quvontirdi.
Bu yerda o‘tayotgan har bir kunimiz hayotimizda muhrlanmoqda. Farg‘ona va Marg‘ilon shaharlariga sayohat qildik, taniqli yozuvchi va olimlar, san’atkorlar qatnashayotgan tadbirlar dilkash davralarga ulanmoqda. Bularning barchasi bizlarga katta mas’uliyat yuklamoqda. Vatanni sharaflash, uning ravnaqi uchun mehnat qilish barcha tengdoshlarimning oliy maqsadi va orzusiga aylangan. Mazkur musobaqa yoshlarni yangi-yangi marralarni zabt etishga rag‘batlantirmoqda.
Jahongir Turdiyev, Qarshi davlat universiteti talabasi:
– Universiada har bir qatnashchiga faxr-iftixor bag‘ishlamoqda. Sportning yunon-rum kurashida 98 kilogramm vaznda g‘olib bo‘lib, oltin medalni qo‘lga kiritdim. Bu nafaqat meni, balki ustozlarim, ota-onam, tengqurlarim, barcha yaqinlarimni behad quvontirmoqda. Shunday imkoniyatlarni yaratib berayotgan Yurtboshimizdan behad minnatdormiz. Kelgusida jahon sport maydonlarida O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tarish niyatidamiz.