“Youth Sports Challenge” – sog‘lom hayot sari yana bir muhim qadam
O‘zLiDePning “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “Youth Sports Challenge” loyihasi yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning jismoniy faolligini oshirish, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda sport orqali jamoaviylik, raqobatbardoshlik va vatanparvarlik tuyg‘ularini mustahkamlashga xizmat qilayotgan muhim tashabbuslardan biri hisoblanadi.
Mazkur loyiha doirasida O‘zLiDeP Karmana tumani Kengashi tashabbusi bilan “Yangi ariq” mahalla fuqarolar yig‘inida sportning futbol turi bo‘yicha “Kreativ yoshlar kubogi” ommaviy sport musobaqasi tashkil etildi. Unda mahallada istiqomat qiluvchi sportsevar yoshlardan tashkil topgan jamoalar faol ishtirok etib, g‘alaba uchun munosib kurash olib bordi.
– Musobaqaning asosiy maqsadi yoshlarni muntazam sport bilan shug‘ullanishga undash, ularning jismoniy salohiyatini oshirish, iqtidorli sportchilarni aniqlash va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishdan iborat, – deydi partiyaning Karmana tumani Kengashi raisi Yusuf Murodov. – Bellashuvlar qizg‘in va murosasiz ruhda kechdi. Har bir jamoa o‘zining jismoniy tayyorgarligi, taktik mahorati va g‘alabaga bo‘lgan intilishini namoyon etdi. Maydonda halol raqobat, sport madaniyati va o‘zaro hurmat muhiti hukm surdi. Bu esa musobaqaning nafaqat sport, balki tarbiyaviy ahamiyati ham yuksak ekanligini yana bir bor namoyon qildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar sog‘lom turmush tarziga amal qilish, sport bilan muntazam shug‘ullanishning inson salomatligi va hayotidagi ahamiyati haqida fikr almashdi. Shuningdek, bunday musobaqalar yoshlarni turli salbiy illatlardan asrash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish va kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Musobaqa yakunida g‘olib va faol ishtirok etgan jamoalar munosib taqdirlanib, ularga diplom, esdalik sovg‘alari hamda kubok topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri