“O‘zenergoinspeksiya boshlig‘i kubogi” g‘oliblari taqdirlandi
Energetika sohasida barqarorlik va ishonchlilikni ta’minlash, iste’molchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish hamda belgilangan talablarga rioya etilishini nazorat qilishda malakali va mas’uliyatli kadrlarning o‘rni muhim. Bu borada xodimlarning kasbiy salohiyati bilan bir qatorda, ularning jismoniy va ma’naviy kamolotiga e’tibor qaratish ham jamoa faoliyati samaradorligining muhim omillaridan biri hisoblanadi.
“O‘zenergoinspeksiya boshlig‘i kubogi” doirasida o‘tkazilgan sport musobaqalari ham ana shu maqsadlarga xizmat qildi. Bellashuvlarda markaziy apparat hamda hududiy boshqarmalar xodimlari ishtirok etib, sportning turli yo‘nalishlarida o‘z kuch va mahoratlarini sinab ko‘rdi.
Ayniqsa, arqon tortish bahslari ko‘tarinki ruhda kechdi. Murosasiz bellashuvlar yakuniga ko‘ra, Jizzax viloyati hududiy boshqarmasi jamoasi ushbu sport turida chempionlikni qo‘lga kiritdi.

Mini-futbol bo‘yicha bahslar ham qizg‘in va mazmunli o‘tdi. Jamoalar maydonda munosib o‘yin namoyish etib, g‘alaba uchun so‘nggi daqiqaga qadar kurashdilar. Yakunda Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi jamoasi mini-futbol bo‘yicha chempionlikni qo‘lga kiritdi.
G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida “O‘zenergoinspeksiya” boshlig‘i Ahadxon Isoqjonov ishtirok etib, ishtirokchilarni erishgan natijalari bilan tabrikladi.
–Bunday tadbirlar, avvalo, xodimlarimizning sog‘lom va faol hayot tarziga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ular o‘rtasida do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va jamoaviy ruhni yuksaltirishga xizmat qiladi.

Bugungi bellashuvlarda hamkasblarimiz jismoniy tayyorgarligi bilan bir qatorda, matonat, intilish va jamoa bo‘lib harakat qilish qobiliyatini ham namoyon etdi. Bunday musobaqalarda muhim jihat natija bilan bir qatorda, bir maqsad atrofida jipslashish, o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishdir. Ishonamanki, bugungi musobaqalar jamoamiz a’zolariga yaxshi kayfiyat va yangi kuch bag‘ishlab, kelgusi faoliyatda ham hamjihatlik bilan mehnat qilishga ruhlantiradi, – dedi Ahadxon Isoqjonov.
Tadbir yakunida g‘olib va sovrindor jamoalar, shuningdek, faol ishtirokchilar esdalik hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Nasiba Ziyodullayeva,
O‘zA