Yoshlarning murojaati va takliflari tinglandi
“Yoshlar kuni” munosabati bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori Sh.Aminov Nukus tumanidagi prokuror otalig‘iga biriktirilgan yoshlar bilan uchrashdi.
Bevosita muloqot shaklida o‘tkazilgan mazkur uchrashuvdan ko‘zlangan maqsad, yoshlarning muammolarini tinglab, hal qilish, olgan ta’lim va hunarlaridan kelib chiqib bandligini ta’minlash yoki kasbga yo‘naltirish, yoshlarga yurtimizdagi xalqchil islohotlar, yoshlar uchun yaratilgan imkoniyat va imtiyozlar haqida to‘liq tushuntirishlar berishni ko‘zda tutadi.

Shuningdek, yoshlar ongida Vatanga sadoqat, kelajakka bo‘lgan ishonch, ularda kuchli ma’naviy-ruhiy immunitetni shakllantirish, adashganni to‘g‘ri yo‘lga qaytarish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, yoshlar o‘rtasida sodir bo‘layotgan jinoyatchilik va huquqbuzarliklar oqibatlari yuzasidan fikrlar almashildi. Ularning murojaatlari va takliflari tinglandi.
Shundan so‘ng, tuman prokurorining otaliqqa olingan yoshlar bilan ishlash borasidagi faoliyati va kelgusidagi vazifalar yuzasidan taqdimoti tinglandi. Bundan tashqari, yozgi dam olish vaqtida o‘quvchi-yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi borasidagi qilingan ishlar, qo‘shimcha fan to‘garaklarining faoliyati bilan tanishildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri