Aholi murojaatlari bilan ishlashda ochiqlik va samaradorlik oshirilmoqda
Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi tomonidan fuqarolarning murojaatlarida ko‘tarilayotgan masalalarni chuqur tahlil qilish, ularni samarali hal etish va tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ishlar yanada takomillashtirilmoqda.
Bu borada davlatimiz rahbarining joriy yil 13-mart kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalar hamda 2026-yil 1-apreldagi “Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida qator chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Xususan, murojaatlarni ko‘rib chiqish samaradorligini oshirish, ularning kelib chiqish sabablarini tahlil qilish va tizimli muammolarni barvaqt bartaraf etish maqsadida maxsus ishchi guruh tuzildi. Shuningdek, aniqlangan muammolarni joyida hal etish uchun Prezidentning Xalq qabulxonalari bilan doimiy hamkorlik mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.
Bu haqda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi Murojaatlar bo‘limi boshlig‘i Abror Jamolov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Qayd etilishicha, joriy yilning birinchi yarim yilligida vazirlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri jami 297 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 60 tasi yozma, 149 tasi og‘zaki va 88 tasi elektron shaklda qabul qilingan. Ularni ko‘rib chiqish natijasida 251 tasi bo‘yicha tegishli choralar ko‘rilgan, 41 tasiga tushuntirish berilgan, 5 tasi esa hozirda ko‘rib chiqilmoqda.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalari orqali 208 ta murojaat kelib tushgan. Ularning 175 tasi qanoatlantirilgan, 19 tasiga tushuntirish berilgan, 2 tasi anonim deb topilgani sababli ko‘rib chiqilmagan, 12 tasi esa ayni paytda ko‘rib chiqilmoqda.
Bundan tashqari, “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali 18 ta, “Tadbirkorlar bilan ochiq muloqot” elektron platformasi orqali 27 ta hamda “Eksportchilar markazi” elektron avtomatlashtirilgan tizimi orqali 4 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning barchasi ijobiy hal etilgan.
Brifingda murojaatlar bilan ishlash sohasida xodimlar malakasini oshirish ishlari haqida ham ma’lumot berildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 7-oktabrdagi 582-son qaroriga muvofiq, joriy yilning o‘tgan davrida vazirlik markaziy apparatining 50 nafar xodimi Yuristlar malakasini oshirish markazida tashkil etilgan qisqa muddatli o‘quv kurslarida ishtirok etib, malakasini oshirdi. Yil yakuniga qadar vazirlik tizimidagi tashkilotlardan yana 39 nafar xodimning malakasini oshirish rejalashtirilgan.
Aholi bilan qayta aloqani kuchaytirish va murojaatlarni tezkor hal etish maqsadida vazirlikda raqamli texnologiyalarni joriy etish ishlari ham izchil davom ettirilmoqda. Jumladan, rasmiy veb-sayt hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar orqali elektron shaklda ariza, taklif va shikoyatlarni qabul qilish tizimi yo‘lga qo‘yilgan.
Shuningdek, vazirlik tizimidagi hududiy tashkilotlarda videokonferensaloqa vositalari bilan jihozlangan maxsus xonalar tashkil etilib, chekka hududlarda yashovchi fuqarolar murojaatlarini masofadan qabul qilish imkoniyati yaratilgan.
Vazirlikda ishonch telefoni faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, kelib tushayotgan murojaatlarni qabul qilish, ko‘rib chiqish va ijrosini nazorat qilish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash kerakki, O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, jismoniy va yuridik shaxslar vazirlikka ariza, taklif hamda shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA