Yoshlarning global muammolar haqidagi fikri tinglandi
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Yoshlar tinchlik uchun” modeli doirasida ishtirokchilar bugungi kundagi murakkab global muammolarni muhokama qilib, amaliy taklif va yechimlarni ishlab chiqishga qaratilgan muzokaralarda ishtirok etdi.
Muzokaralar BMTning 2030-yilgacha mo‘ljallangan Barqaror rivojlanish kun tartibi bilan uyg‘un holda olib borilib, sifatli ta’lim, gender tengligi, iqlim bo‘yicha choralar, tinchlik, adolat va samarali institutlar kabi yo‘nalishlarni qamrab oldi.

“Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ning tashkil etilishi esa muloqot doirasidan tashqarida ham yoshlar tashabbuslarini doimiy qo‘llab-quvvatlash uchun barqaror makon yaratdi. Ikki tashabbus yoshlarning xalqaro muloqotdagi ishtirokini kengaytirish, ularning BMT tizimi bilan hamkorligini kuchaytirish hamda tinchlik va barqaror rivojlanishga qaratilgan amaliy tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qildi.

Mutaxassislarning qayd etishicha, bu kabi tadbirlar yoshlarning xalqaro maydondagi tajribasini oshirish, o‘z fikrini erkin va asosli ifodalash, muzokara olib borish, jamoa bilan ishlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida eng yaxshi natija ko‘rsatgan uch nafar qatnashuvchi maxsus kuboklar bilan taqdirlandi, barcha ishtirokchilarga esa sertifikatlar topshirildi.
G.Boboyeva, O‘zA