Rassomlar plenarda uchrashdi
O‘zbekiston Badiiy ijodkorlar uyushmasi tomonidan Bo‘stonliq tumani, Chorvoq posyolkasida joylashgan taniqli rassom va haykaltarosh Soliy Qodirovning «ART-SUPA Chorvoq» ijodiy maskanida rassomlar ishtirokida plenar va ijodiy uchrashuv tashkil qilindi.
Mustaqilligimizning 35 yilligi munosabati bilan tashkil etilgan uchrashuvda O‘zBIU a’zolari Olimjon Fozilov, Soliy Qodirov, Farhod Nazarmatov, Rustam Mambetov, Chori Shams, Baxtiyor Alimov hamda Ruslan Saburov va Rossiya rassomlar uyushmasi a’zosi Titov Aleksandr ishtirok etdi.

Ma’lumki, plenar bu rassomlarning ustaxonadan tashqarida, ya’ni tabiat bag‘rida, ochiq osmon ostida rasm chizish jarayonidir. Bu usul rassomlarga tabiiy yorug‘lik, quyosh nuri va havo haroratining ranglarga ta’sirini to‘g‘ri tasvirlashga yordam beradi.
Ijodkorlar Chorvoqning betakror tabiati, tog‘ manzaralari va musaffo havosidan ilhomlanib, Xumson qishlog‘i hamda Chorvoq suv ombori atrofida etyudlar ishladi.
Plenar jarayonidan so‘ng rassomlar yana “ART-SUPA”da jam bo‘lishib o‘zaro ijodiy suhbatlar o‘tkazdi. Plener davomida chizilgan etyudlarni muhokama qilib, ularning kompozitsiyasi, rang yechimi va badiiy ifodasi haqida fikr almashdi.

Bunday ijodiy muloqotlar rassomlar o‘rtasida tajriba almashish, bir-birining ijodiy yondashuvlarini o‘rganish va yangi g‘oyalar bilan boyish uchun muhim ahamiyat kasb etdi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA