Yoshlarning biznes tashabbuslari qo‘llab-quvvatlanmoqda
FOTOREPORTAJ
Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida tadbirkorlik faoliyatini boshlash istagida bo‘lgan, o‘z biznesini kengaytirishni rejalashtirgan hamda sohada turli muammolarga duch kelayotgan yoshlar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda tuman hokimi Sh. Darvishev, Markaziy va tijorat banklarining viloyat hamda tuman bo‘limlari mutasaddilari, 100 nafardan ziyod tadbirkorlikka qiziquvchi o‘g‘il-qiz ishtirok etdi.
Muloqotda yoshlarni tadbirkorlikka keng jalb etish, ularning biznes tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, yangi loyihalarni amalga oshirish uchun mavjud moliyaviy imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Ayniqsa, faoliyatini endi boshlayotgan yosh tadbirkorlarga amaliy ko‘mak ko‘rsatish, biznesni kengaytirishda bank va kredit xizmatlaridan foydalanish bilan bog‘liq masalalarni hal etishga e’tibor qaratildi.
Uchrashuv davomida yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savol va takliflari, shuningdek, faoliyatidagi mavjud muammolar yuzasidan mutasaddilarga bevosita murojaat qildi. Jami 39 ta murojaat va taklif eshitilib, ularning ijrosi nazoratga olindi. Joyida hal etish imkoni bo‘lgan masalalar bo‘yicha tushuntirishlar berildi, qo‘shimcha muddat talab etadigan murojaatlar yuzasidan mas’ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.
[gallery-31544]
— Bunday ochiq muloqotlar faoliyatini endi boshlayotgan yosh tadbirkorlar uchun muhim imkoniyat yaratmoqda, - deydi yosh tadbirkor Sardor Ergashev. — Uchrashuvda biznesimni kengaytirish, kredit olish va bank xizmatlaridan foydalanish bo‘yicha mutasaddilardan aniq javob va amaliy yordam oldim. Asosiy maqsadim — zamonaviy ko‘p qavatli uylarda santexnika ishlarini sifatli yo‘lga qo‘yish. Ajratilgan kredit hisobidan zarur uskunalarni xarid qilib, tengdoshlarim va ishsiz yoshlarni doimiy ish bilan ta’minlashni niyat qilganman.
Yoshlarning yangi g‘oya va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ular uchun qulay biznes muhitini yaratish, yangi ish o‘rinlari va barqaror daromad manbalarini ko‘paytirish borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
Jamshid YORBEKOV (surat), O‘zA