Yoshlarga hamrohlik: imkoniyatlar mustaqil hayot sari yo‘l ochmoqda
Qashqadaryolik Maftuna Jovliyeva uchun bugungi kungacha bosib o‘tilgan yo‘l mustaqil hayot sari intilish va berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanish namunasidir.
Maftunaga mustaqil hayotga qadam qo‘yishi va kelajagini qurishi uchun davlat tomonidan qator imkoniyatlar yaratildi. Jumladan, unga uy-joy ajratildi, oliy ta’lim muassasasiga davlat granti asosida o‘qishga kirishiga ko‘maklashildi. Ayni paytda esa haydovchilik guvohnomasini olish uchun o‘qishga yo‘naltirildi.
– Oilaviy bolalar uyida tarbiyalangan bo‘lsam-da, ota-ona mehrini doim his etib turdim. Bitta uy olish uchun odamlar yillab harakat qilsa, 19 yoshimda o‘z uyimga ega bo‘ldim. Davlat granti asosida o‘qishga qabul qilindim. Bugun yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishimiz kerak. O‘zimni O‘zbekistondagi eng baxtli yoshlardan biri deb bilaman, – deydi Maftuna Jovliyeva.

Bu kabi imkoniyatlar “Yoshlarga hamrohlik” dasturi doirasida yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ta’lim olishi, kasb egallashi va mustaqil hayotga tayyorlanishiga ko‘maklashish maqsadida amalga oshirilmoqda.
Joriy yilning birinchi yarmida viloyatda 14-23 yoshli 621 nafar yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yosh bo‘yicha “Individual integratsiya rejasi” asosida 1 ming 325 ta xizmat rejasi shakllantirildi. Hozirga qadar ularning 975 tasi turli xizmatlar bilan qamrab olindi.

Xususan, 68 nafar yosh haydovchilikka o‘qishga yo‘naltirildi, 179 nafari kiyim-bosh bilan ta’minlandi, 16 nafarining oliy ta’lim muassasasidagi shartnomasi to‘lab berildi. Yana 37 nafari oliy ta’limga tayyorlov kurslariga jalb etildi, 30 nafari uchun safarbarlik chaqiruvi rezervi to‘lovlari amalga oshirildi.
E’tibor va amaliy ko‘makka asoslangan bunday yondashuv yoshlarni nafaqat qo‘llab-quvvatlash, balki ularning o‘z kuchiga ishongan holda mustaqil hayot qurishi uchun mustahkam zamin yaratmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA muxbiri