Sifatli ta’lim — ustuvor maqsad
Bugun maktab oldida turgan eng muhim vazifa — o‘quvchini shunchaki darsga jalb etish emas, balki unga sifatli bilim berish, olgan bilimini hayotda qo‘llay oladigan, mustaqil fikrlaydigan va kelajakka ishonch bilan qadam qo‘yadigan shaxs sifatida kamol toptirishdir. Zero, ta’limdagi haqiqiy natija raqamlarda emas, balki har bir o‘quvchining bilimi, salohiyati va erishgan yutug‘ida namoyon bo‘ladi.
Sirdaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasida «Yangi o‘quv yilida ta’lim sifati va davomatni ta’minlash» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi. Unda yangi o‘quv yilida ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchilar davomatini ta’minlash va bu borada belgilangan ustuvor vazifalar xususida axborot berildi.
Tadbirda boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Abdumalik Abdurahmonov, boshqarma boshlig‘ining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Davron Isoqov hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Ayni paytda viloyatdagi 351 ta ta’lim muassasasida 168 ming 29 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Shundan 158 ming 905 nafari 314 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida, 3 ming 419 nafari 12 ta ixtisoslashtirilgan maktabda tahsil olmoqda. Prezident maktabida 143 nafar, Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabida 168 nafar, 23 ta nodavlat maktabda esa 5 ming 394 nafar o‘quvchiga bilim berilmoqda.
2026–2027 o‘quv yilida 19 ming 566 nafar bola birinchi sinfga qabul qilindi. Ularning 19 ming 35 nafari davlat umumta’lim maktablarida, 531 nafari nodavlat ta’lim muassasalarida o‘qishni boshladi.
Biroq ta’limda asosiy mezon qamrov emas, natija. O‘tgan o‘quv yilida 310 ta maktabda o‘quvchilar bilimini baholashning yangi tizimi joriy etilishi natijasida ta’lim samaradorligi 10,2 foizga oshgani qayd etildi. Yangi o‘quv yilida esa bu natijani barqaror saqlash va yanada yuksaltirish asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan. Shu maqsadda har bir o‘quvchining ta’lim natijasi individual monitoring qilinadi. Bilimida bo‘shliqlar mavjud o‘quvchilar bilan manzilli ishlash, yuqori natija ko‘rsatayotgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash choralari kuchaytiriladi.
Ta’lim sifatini xalqaro mezonlar asosida baholashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, o‘quvchilarni PISA va PIRLS xalqaro baholash dasturlariga tayyorlash ishlari izchil davom ettiriladi. Fan olimpiadalarida 32 ming nafardan ziyod o‘quvchining ishtirok etgani esa yoshlarning bilim va salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ko‘lamini ko‘rsatadi.
O‘zlashtirish ko‘rsatkichi past bo‘lgan maktablarda esa faqat natijani qayd etish bilan cheklanilmaydi. Avvalo, muammoning kelib chiqish sabablari chuqur o‘rganilib, aniq chora-tadbirlar belgilanadi. Amalga oshirilgan ishlar samarasi esa qayta monitoring qilinadi.
Ya’ni yondashuv aniq: muammo aniqlanadi — sabab o‘rganiladi — chora belgilanadi — natija qayta baholanadi. Bu jarayonda o‘qituvchining o‘rni beqiyos. Ta’lim sifatini oshirish uchun pedagoglarning malakasini yuksaltirish, zamonaviy pedagogik texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, ilg‘or tajribalarni ommalashtirish va fanlar kesimida metodik ko‘makni kuchaytirish muhim.
[gallery-31409]
Zero, o‘qituvchidan faqat yuqori natija talab qilishning o‘zi kifoya emas. Pedagogning ana shu natijaga erishishi uchun zarur metodik va amaliy ko‘mak bilan ta’minlanishi ham ta’lim sifatining muhim shartidir.
Ta’lim natijasi bilan chambarchas bog‘liq yana bir muhim masala — davomat. Darsda bo‘lmagan o‘quvchi bilim olish jarayonidagi muhim bir bosqichni o‘tkazib yuborishi va bu keyinchalik o‘zlashtirishda qiyinchilik tug‘dirishi mumkin. Shu bois yangi o‘quv yilida davomatni kunlik monitoring qilish, uzrli va uzrsiz qoldirilgan darslarni alohida hisobga olish, mashg‘ulotlarga muntazam qatnashmayotgan o‘quvchilar bilan individual ishlash tizimi kuchaytiriladi.
Eng muhimi, bu jarayonda maqsad o‘quvchini jazolash emas, balki uning darsga kelmayotgani sababini aniqlash va ta’limga qaytarishdir. Buning uchun o‘quvchining oilaviy sharoiti, ta’limga munosabati va ijtimoiy muhiti o‘rganilib, ota-ona, sinf rahbari, maktab rahbariyati hamda mahalla hamkorligida zarur choralar ko‘riladi.
Chunki bir nafar o‘quvchining ta’limdan uzilishi shunchaki davomat ko‘rsatkichi emas. Bu uning bilim olishi, qobiliyatini ro‘yobga chiqarishi va kelajakdagi imkoniyatlariga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan muhim omildir. Shu nuqtai nazardan, 2026–2027 o‘quv yilida belgilangan ustuvor vazifalar o‘zaro uzviy bog‘liq. Ya’ni o‘quvchining darslarga muntazam qatnashishini ta’minlash, olgan bilimini amaliyotda qo‘llay olish ko‘nikmasini shakllantirish va uni keyingi ta’lim bosqichiga tayyor, bilimli hamda raqobatbardosh shaxs sifatida kamol toptirish.
Barcha sa’y-harakatlarning bosh maqsadi esa — o‘quvchiga sifatli ta’lim berish. Zero, maktabda shakllangan bilim va ko‘nikmalar nafaqat o‘quvchining bugungi natijasini, balki uning ertangi imkoniyatlarini ham belgilaydi. Shu ma’noda, ta’lim sohasidagi har bir natija ortida o‘qituvchi mehnati, o‘quvchining intilishi va tizimli yondashuv mujassam. Sifatli ta’limni ta’minlash esa bir o‘quv yili doirasidagi vazifa emas. Bu kelajak avlod oldidagi mas’uliyat, mamlakat taraqqiyoti va inson salohiyati uchun bugundan yaratilayotgan mustahkam poydevordir.
Matbuot anjumani yakunida jurnalistlar va ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan savollarga boshqarma mutasaddilari hamda soha mutaxassislari atroflicha javob berishib, ta’lim sifati va davomatni ta’minlash borasidagi rejalar yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim qilishdi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA