Yoshlarga e’tibor – kelajakka poydevor
Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning zamonaviy bilim va kasb-hunar egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil davom etmoqda.
Ayniqsa, Vatan tinchligi va xalq osoyishtaligi yo‘lida fidokorona xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar oilalariga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlik xalqimizning yuksak ehtiromi ifodasidir. Ana shunday ezgu maqsadlar yo‘lida Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugida xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilar farzandlariga oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun imtiyozli tavsiyanomalarni topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘tarinki ruhda tashkil etilgan tantanali marosimda okrug qo‘mondoni, harbiy xizmatchilar, ularning oila a’zolari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Tadbir davomida harbiy xizmatchilar farzandlariga oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun beriladigan imtiyozli tavsiyanomalar tantanali ravishda topshirildi. Bu esa yoshlar qalbida cheksiz faxr, mas’uliyat va Vatanga muhabbat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
[gallery-29382]
Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugungi kunda mamlakat taraqqiyoti, yurt ravnaqi va xalq farovonligi avvalo bilimli, salohiyatli va vatanparvar yoshlar qo‘lida ekanligini alohida ta’kidladi. Zero, ilmli avlod millat tayanchi, davlatning ertangi kuni va taraqqiyotining eng ishonchli kafolatidir.
Tadbir davomida yoshlarga davlat imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tish, kelajakda xalq va Vatanga sadoqat bilan xizmat qiladigan barkamol insonlar bo‘lib yetishish tilaklari bildirildi. Samimiy va tantanavor ruhda o‘tgan ushbu marosim yoshlar qalbida yurtga daxldorlik, fidoyilik va ulkan mas’uliyat hissini yanada kuchaytirdi.
Bugungi kunda mamlakatimizda yoshlar ta’limi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar, zamonaviy sharoit va imtiyozlar ertangi kun egalari bo‘lgan yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, Yangi O‘zbekistonning kuchli va qudratli kelajagini bunyod etishda muhim omildir.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA.