Abdulla Oripov – qardosh xalqlarning ham sevimli shoiri
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning boy adabiy merosi va uning turkiy xalqlar ma’naviyatidagi o‘rniga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda shoirning O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, iste’dodli shoir va tarjimon Saparbek Imanbekov tomonidan qozoq tiliga tarjima qilingan “Әdіlet shuag‘i” (“Adolat shu’lasi”) nomli kitobining taqdimoti o‘tkazildi.
Mazkur kitob Abdulla Oripov she’riyatining insonparvarlik, adolat, vatanparvarlik, ma’naviy poklik kabi yuksak g‘oyalarini qozoq kitobxonlariga yanada yaqinlashtirish, ikki qardosh xalq adabiy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
[gallery-29386]
Tadbirda Abdulla Oripov nainki o‘zbek adabiyoti, balki butun turkiy adabiy tafakkur rivojiga ulkan hissa qo‘shgan siymo ekani ta’kidlanib, shoir ijodining qardosh xalqlar qalbida ham yuksak qadrlanishi alohida e’tirof etildi.
Ta’kidlanganidek, Abdulla Oripov she’riyati – bu millat qalbining sadosi, inson ruhiyatining teran ifodasi. Uning asarlaridagi yuksak insoniy g‘oyalar har qanday millat kitobxoni uchun yaqin va tushunarlidir. Mazkur tarjima ana shu ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlaydi.
Tadbir davomida adabiyotshunos olim Qaldibek Seydanov Abdulla Oripov ijodining badiiy xususiyatlari, uning she’riyatidagi milliy va umuminsoniy g‘oyalar haqida fikr bildirdi.
Mazkur tarjima qozoq adabiy muhitida ham katta qiziqish uyg‘otishi ta’kidlandi. Tarjima adabiyotlararo muloqotning eng ta’sirchan ko‘prigi ekani qayd etilib, bu kabi nashrlar turkiy xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy hamkorlikni yanada boyitishi bildirildi.
Adabiy anjuman ishtirokchilari Abdulla Oripov ijodi qozoq kitobxonlari uchun ham qadrli ekanini aytib, “Adolat shu’lasi” kitobi ikki xalq o‘rtasidagi adabiy do‘stlikning yangi sahifasi bo‘lishini ta’kidladi.
Shuningdek, taqdimotda Abdulla Oripov ijodining tarbiyaviy va ma’naviy ahamiyati, tarjimaning ilmiy-adabiy qiymati haqida atroflicha to‘xtalib o‘tildi. Tadbir davomida shoir ijodidan namunalar o‘qildi, kitob haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Ishtirokchilar tarjimonning mehnati va kitobning badiiy saviyasini yuksak baholadi.
“Adolat shu’lasi” kitobining taqdimoti o‘zbek va qozoq xalqlari o‘rtasidagi azaliy do‘stlik, qardoshlik va madaniy yaqinlikni yana bir bor namoyon etgan muhim adabiy voqea sifatida katta qiziqish va iliq taassurotlar bilan qarshi olindi. Yakunda yig‘ilganlarga “Әdіlet shuag‘i” (“Adolat shu’lasi”) kitobi tuhfa qilindi.
N.Usmonova,
O‘.Hayitov(suratlar),
O‘zA muxbirlari