Yoshlar uchun o‘rta maxsus, kasbiy ta’limdan oliy ta’limga uzluksiz o‘tishning jozibador shakllari joriy etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Respublikada xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, mamlakatda ilg‘or xorijiy tajribalar asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarining integratsiyasi ta’minlanadi, mahalliy va xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida dasturlarni o‘zaro tan olish orqali akademik mobillik kuchaytiriladi, shuningdek, integratsiyalashgan dasturlarni xalqaro reytinglarning top-100 talik ro‘yxatga kiruvchi universitetlari akademik talablariga muvofiqlashtiriladi hamda ushbu yo‘nalishdagi ishlar jadallashtiriladi.
Quyidagilar ushbu qarorni qabul qilishning asosiy maqsadlari etib belgilandi:
a) ishlab chiqilgan integratsiyalashgan o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini tizimli joriy etish jadallashtiriladi;
b) yoshlar uchun o‘rta maxsus, kasbiy ta’limdan oliy ta’limga uzluksiz o‘tishning jozibador shakllari joriy etiladi;
v) yoshlarning xalqaro darajada tan olingan dasturlarda ta’lim olish imkoniyatlari kengaytiriladi;
g) "El-yurt umidi" jamg‘armasi bilan hamkorlikda stipendiatlar uchun ajratiladigan mablag‘larni yanada samarali yo‘naltirish, nomzodlarni saralash tizimi takomillashtiriladi.
Markazga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatiladi:
a) ishlab chiqilgan integratsiyalashgan dasturlarni QS (Quacquarelli Symonds) yoki THE (TheTimes Higher Education) xalqaro reyting tashkilotlari global reytingining top-100 talik ro‘yxatiga kiruvchi hamkor oliy ta’lim tashkilotlarining akademik talablariga solishtirish va muvofiqlashtirish;
b) top-100 talik ro‘yxatga kiruvchi hamkor oliy ta’lim tashkilotlari tomonidan tan olinadigan bakalavriatda "1+3", "2+2", magistraturada "1+1" kabi ta’lim modellarini ishlab chiqish;
v) O‘zbekiston Respublikasida yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarining oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomini berishga qaratilgan tuzilmalarni (kampus, filial, franshiza, ta’lim dasturlarini amalga oshirish markazlari va boshqalar) tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishish.
Qaror bilan Buyuk Britaniya ilg‘or tajribasi asosida integratsiyalashgan ta’lim dasturlarini joriy qilishni yanada kengaytirish maqsadida tajriba-sinov tariqasida Toshkent arxitektura-qurilish universiteti huzurida Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etiladi.
O‘zA