Senatorlar Rossiyadagi saylovda xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etdi
Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burxonov Rossiya Federatsiyasi Federal majlisi Davlat dumasining IX chaqiriq deputatlari saylovida Mustaqil davlatlar hamdo‘stligi (MDH) Parlamentlararo assambleyasi (PA)dan kuzatuvchilar missiyasi tarkibida Moskva shahri va Ryazan viloyatida o‘tkazilgan monitoring tadbirlarida ishtirok etdi.
Senator Ryazan shahrida qator saylov uchastkalarida bo‘lib, uchastka saylov komissiyalari raislari va a’zolari, jamoatchilik kuzatuvchilari hamda volontyorlar faoliyati bilan tanishdi. Saylovchilar uchun yaratilgan sharoitlar, ovoz berish jarayonini kuzatish va xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilgan choralar ham o‘rganildi.
Bundan tashqari, Ryazan viloyati Jamoatchilik kuzatuv shtabi faoliyati bilan ham tanishildi. Xalqaro kuzatuvchilarga saylov uchastkalaridagi jarayonlarni real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi videomonitoring tizimi haqida ma’lumot berildi.
Q.Burxonov saylov uchastkalarida ovoz berish belgilangan tartibda tashkil etilgani, jamoatchilik kuzatuvi yo‘lga qo‘yilgani va jamoat tartibini ta’minlashga e’tibor qaratilayotganini qayd etdi.
Senator Ryazan viloyati gubernatori Pavel Malkov, viloyat saylov komissiyasi raisi, viloyat Dumasi va shahar Dumasi rahbariyati, Rossiya senatori hamda Belarus Respublikasidan kelgan xalqaro kuzatuvchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlar chog‘ida saylovni tashkil etish va o‘tkazish tartibi, saylov komissiyalari faoliyati, ovoz berish jarayonining ochiqligi, jamoatchilik va xalqaro kuzatuvni tashkil etish, saylovchilarning huquqlarini ta’minlash hamda jamoat tartibini saqlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.
***

MDH PA kuzatuvchilar missiyasi tarkibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobuljon Tursunov ham qatnashdi.
Senator missiya a’zolari bilan birga Rossiya Federatsiyasi Markaziy saylov komissiyasi, Federal Majlis Federatsiya kengashi, Davlat dumasi, Sankt-Peterburg Qonunchilik majlisi hamda hududiy saylov komissiyalari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda ishtirok etdi.
Sankt-Peterburg qonunchilik majlisi raisi Aleksandr Belskiy bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda saylovni tashkil etish va o‘tkazish jarayonlari, saylov qonunchiligi, saylovchilarni xabardor qilish, uchastka saylov komissiyalari faoliyati hamda xalqaro kuzatuvchilarning vazifalari yuzasidan fikr almashildi.
Senator Sankt-Peterburg saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlarini bevosita kuzatib, saylovchilar va jamoatchilik vakillari bilan muloqot qildi, ovoz berishni tashkil etish, saylovchilarning xabardorligi va saylov uchastkalarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Senatorning fikricha, saylov uchastkalarida yashirin ovoz berish kabinalari va nogironlar uchun qulay ovoz berish kabinalari mavjud, shuningdek, bir mandatli saylov okruglaridagi partiya ro‘yxatlari va nomzodlar haqida ma’lumotlar joylashtirilgan.
N.Abduraimova,
O‘zA