Yoshlar tarbiyasi – dolzarb masala
Jizzax politexnika institutida yangi o‘quv yilini boshlagan talaba-yoshlar uchun “Tanishtiruv haftaligi” doirasida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda yoshlikning mazmuni, imkoniyatlari va mas’uliyati haqida so‘z yuritildi. “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib yangi hayot va kelajak yaratamiz!” shiori ostida o‘tkazilgan muloqotlarda bilimli, sog‘lom fikrlaydigan, halol va vatanparvar avlodni tarbiyalash masalalari bir-biri bilan uyg‘un holda muhokama etildi.
Xususan, energetika muhandisligi fakultetida 1-bosqich talaba-yoshlari ishtirokida “Halollik madaniyati” mavzusida davra suhbati tashkil etildi. Unda yoshlar masalalarining davlat siyosatidagi o‘rni, mamlakatimizda yoshlar uchun yaratilayotgan ta’lim va rivojlanish imkoniyatlari bilan bir qatorda, huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning kelib chiqish sabablarini barvaqt aniqlash masalalariga e’tibor qaratildi.


Suhbatda ta’lim muassasasida korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar, talabalarning huquq va majburiyatlari hamda qonun ustuvorligining ahamiyati haqida ma’lumot berildi. Korrupsiyaning turli ko‘rinishlariga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, halol mehnat va qonuniylikka amal qilish zarurligi ta’kidlandi.
Zero, talaba uchun bilim qanchalik muhim bo‘lsa, uning qanday tamoyillar asosida yashashi ham shunchalik ahamiyatli. Halollik, qonunlarga hurmat va ijtimoiy mas’uliyat yosh insonning nafaqat bugungi, balki ertangi hayotini ham belgilaydi.

Transport muhandisligi fakultetidagi “Yangi O‘zbekiston – yoshlar nigohida” mavzusidagi davra suhbatida ham ana shu fikrlar davom ettirildi. Unda fakultetning 1-kurs barcha guruhlarining talabalari ishtirok etdi.
Muloqotda yosh avlodning sog‘lom fikrlashi, yuksak axloq, ilmga chanqoqlik va keng dunyoqarashga ega bo‘lishi bugungi taraqqiyot talabi ekani ta’kidlandi. Yoshlarga hamda ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarga yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida ma’lumot berilib, ulardan unumli foydalanish zarurligi qayd etildi.

Ayniqsa, kitob mutolaasi, bilim va dunyoqarashni muntazam kengaytirish, o‘z ustida ishlash, turli tanlovlarda faol ishtirok etish, kelajakda o‘z kasbining yetuk mutaxassisi bo‘lishga intilish yuzasidan tavsiyalar berildi. Chunki bugungi talaba ertangi malakali va vatanparvar kadr. Uning bilim va salohiyati esa yurt taraqqiyotiga qo‘shiladigan hissa demakdir.
Shu bois, institutdagi bunday ochiq muloqotlar yoshlarni tayyor xulosalarni qabul qilishga emas, mustaqil fikrlashga, to‘g‘ri tanlov qilishga va o‘z kelajagiga mas’uliyat bilan qarashga undaydi. Ta’lim bilan tarbiya, imkoniyat bilan mas’uliyat uyg‘unlashgan muhitda esa komil shaxs, o‘z kasbini puxta egallagan mutaxassis va Vatan ravnaqiga daxldor avlod kamol topadi.

Tadbirlarda talabalarni qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar berildi. Eng muhimi, yoshlar qalbida halollik, qonunlarga hurmat, bilimga intilish va Vatanga sadoqat kabi fazilatlarni mustahkamlashga qaratilgan muloqotlar talabalar uchun muhim ma’naviy saboq bo‘ldi.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri