Yoshlar tadbirkorligiga keng yo‘l
“Kelajakka qadam” markazi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qarori asosida yurtimiz yoshlarining mehnat bandligini ta’minlash va ularning ilg‘or g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Toshkent arxitektura-qurilish universitetida “O‘zmilliybank” aksiyadorlik jamiyati Toshkent shahar bosh boshqarmasi hamda “Kelajakka qadam” markazining mas’ul vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda yoshlarning kelgusidagi rejalari, hayotiy intilishlari xususida batafsil so‘z yuritildi.

Tadbirda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida yoshlarga e’tibor qaratish, ularning huquq va manfaatlarini ta’minlash, qobiliyati va salohiyatiga mos kasb-hunar egallashi uchun yaqindan ko‘maklashish masalalari davlat siyosatida ustuvor ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi.

Ma’lumki, “Kelajakka qadam” va “Kelajak tadbirkori” dasturlari yoshlarning tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilmoqda. Shuningdek, “Biznes start” kredit mahsuloti endigina faoliyatini boshlayotgan tadbirkorlar, startaplar hamda biznesga ilk qadam qo‘yayotgan yoshlarni moliyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlash maqsadida ishlab chiqilgan maxsus kredit turi sifatida o‘z biznesini endigina boshlaganlar uchun manfaatli bo‘lmoqda. Oddiy kreditlardan farqli ravishda, mazkur kredit bozorda hali yetarli tajriba va aylanma mablag‘larga ega bo‘lmagan yangi kompaniyalar, yakka tartibdagi tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga mo‘ljallangan. Ayni paytda ushbu kredit mahsulotidan yurtimiz yoshlari ham samarali foydalanmoqda.

Samimiy ruhda kechgan muloqot davomida “Biznes start” kredit mahsuloti bo‘yicha har biri 150 million so‘mlik ikki loyiha, “Talaba invest” kredit mahsuloti bo‘yicha 2,1 milliard so‘mlik bir loyiha hamda “Tadbirkorlikka ilk qadam” kredit mahsuloti bo‘yicha jami 100 million so‘mlik beshta loyiha taqdim etildi.
Shuningdek, “Kelajak tadbirkori” dasturi doirasida bugungi kunga qadar 47 nafar talabaga jami 6 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratilgani ma’lum qilindi.
N.Usmonova,
O‘zA