Chustda 5,3 milliard so‘mlik tabiiy gaz qonunbuzarligi qayd etildi
Bu haqda “Hududgazta’minot” AJ axborot xizmati xabar qildi. Ma’lum qilinishicha, tegishli tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida bir qator qonunbuzilish holatlari aniqlangan.
Xususan, “Kamarsoda” MFY hududida faoliyat yuritayotgan fuqaro R.Q.ga tegishli umumiy ovqatlanish maskani tekshirilganda, loyiha va texnik hujjatlarsiz gaz tarmog‘iga ulangani hamda eskirgan hisoblagich asosida tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelingani ma’lum bo‘ldi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, yetkazilgan zarar 1 milliard 990 million so‘mni tashkil etgan.
Shuningdek, yana bir umumiy ovqatlanish maskanida o‘tkazilgan tekshiruvda fuqaro B.A. gaz ta’minot tashkiloti bilan shartnoma tuzmasdan tabiiy gazdan foydalanib kelgani aniqlandi. Ushbu holat bo‘yicha 3 milliard 390 million so‘mlik zarar hisoblab chiqildi.
Mazkur holatlarga oid barcha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yuboriladi.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA