Yoshlar sud binosiga taklif etildi
Xorazmda “Payshanba – yoshlar kuni” munosabati bilan bir qator tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Xususan, jinoyat ishlari bo‘yicha Tuproqqal’a tuman sudida yoshlar va jamoatchilik faollari ishtirokida “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi.

Tadbir davomida ishtirokchilar sud binosida fuqarolar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, sud majlisi zallari, qabulxona va devonxona faoliyati, shuningdek, sud ishlarini yuritish tartibi bilan tanishdilar.

Ochiq muloqot chog‘ida sud hokimiyatining jamiyatdagi o‘rni, odil sudlovni amalga oshirish prinsiplari, inson huquq va qonuniy manfaatlarini sud orqali himoya qilish mexanizmlari haqida tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, ishtirokchilar “Odil sudlov – 2030” strategiyasining asosiy maqsad va vazifalari bilan tanishtirildi. Unda sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini oshirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda fuqarolar uchun qulay sud tizimini shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratilganligiga to‘xtaldi.

Muloqotda ishtirokchilar bilan yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va boshqa salbiy illatlarning oqibatlari haqida ham fikr almashildi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri