Toshkentdan harakatlangan yangi tezyurar elektropoyezd 4 soatu 15 daqiqada Andijonga yetib keldi
FOTOREPORTAJ
Xabar qilinganidek, mamlakatimiz aholisi va xorijlik sayyohlarga temir yo‘l transportida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yangi bosqichga olib chiqish, hududlararo qulay, xavfsiz va zamonaviy transport xizmatlarini kengaytirish maqsadida “Toshkent – Andijon – Toshkent” yo‘nalishida zamonaviy tezyurar “CRRC-Dalian” elektropoyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Bugun, soat 09:20 da Toshkent markaziy temir yo‘l vokzalidan 730-sonli yangi elektropoyezd “Toshkent – Andijon” yo‘nalishida ilk qatnovini amalga oshirdi.
Angren, Pop, Qo‘qon va Marg‘ilon bekatlari orqali harakatlangan elektropoyezd soat 13:35 da Andijon shahriga yetib keldi.
Yangi poyezdni Andijon vokzalida nuroniylar, yoshlar hamda jamoatchilik vakillari tantanali kutib oldi.
[gallery-31355]
Zamonaviy elektropoyezd 4 ta vagondan iborat bo‘lib, jami 357 nafar yo‘lovchiga mo‘ljallangan. Ilgari mazkur yo‘nalishda poyezd safari 6-7 soatgacha davom etgan bo‘lsa, endilikda Toshkentdan Andijongacha bo‘lgan masofani 4 soat 15 daqiqada bosib o‘tish imkoni yaratildi.
Mazkur qatnovning yo‘lga qo‘yilishi poytaxt va vodiy hududlari o‘rtasidagi transport aloqalarini yanada rivojlantirish, yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati va qulayligini oshirishga xizmat qiladi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat), O‘zA