Yoshlar kuni yurish marafoni bilan boshlandi
30 iyun – “Yoshlar kuni” munosabati bilan “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida Guliston tumanida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va aholining jismoniy faolligini oshirishga qaratilgan ezgu tashabbus amalga oshirildi.
Bugun erta tongda tuman hokimi vazifasini bajaruvchi Olimjon Jo‘rayev boshchiligida “Sog‘lom hayot uchun 5000 qadam” loyihasi doirasida ommaviy yurish marafoni tashkil etildi. Tadbirda mahalla faollari, nuroniylar, yoshlar, turli sohalar vakillari bilan bir qatorda, yurtimiz sharafini xalqaro arenalarda munosib himoya qilib kelayotgan mashhur sportchi — kurash bo‘yicha ikki karra Osiyo va ikki karra jahon chempioni Hilola Ortiqboyeva ham ishtirok etdi.

Yurish tumanning markaziy ko‘chalari orqali amalga oshirilib, ishtirokchilarni yagona maqsad — sog‘lom turmush tarzini kundalik hayotga tatbiq etish g‘oyasi atrofida birlashtirdi. Tadbir davomida ekologik madaniyatni yuksaltirish, atrof-muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish va yashil hududlarni asrash borasida samarali muloqotlar tashkil etildi. Yoshlar obodonlashtirish ishlariga ham jalb etildi.

– Bugungi tadbir yosh avlod uchun katta motivatsiya manbai bo‘ldi. Yurtboshimizning yoshlar va sportga qaratayotgan doimiy e’tibori tufayli biz sportchilar o‘z salohiyatimizni to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun barcha sharoitlarga egamiz. Sog‘lom turmush tarzi nafaqat jismoniy, balki ma’naviy jihatdan ham jamiyatni shakllantiradi. Shuning uchun ham yoshlarimiz doimo harakatda bo‘lishi, sport bilan muntazam shug‘ullanishi zarur. Men bugungi yurishda qatnashgan har bir ishtirokchini g‘olib deb bilaman, – deydi sportchi Hilola Ortiqboyeva.
Marafon bayroqdor avtomobillar karvoni ishtirokida yakunlandi. Shuningdek, tuman hududlarida turli sport musobaqalari, madaniy chiqishlar hamda yoshlar uchun interaktiv uchrashuvlar tashkil etildi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri