Sirdaryo IESda yangi innovatsion markaz ishga tushdi
“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ tizimidagi yirik ishlab chiqarish ob’ektlaridan biri — Sirdaryo IESda mahalliylashtirish va innovatsion tashabbuslarni rivojlantirishga qaratilgan yangi markaz faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Yangi markazning ochilishi korxonada innovatsion yondashuvlar, mahalliy ishlab chiqarish va texnik yechimlarni kengaytirishda muhim qadam sifatida baholanmoqda.
Ta’kidlanishicha, korxona so‘nggi yillarda tizim doirasida yangi loyihalarni amalga tatbiq etish, ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiya qilish hamda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ulushini oshirish bo‘yicha faol ish olib bormoqda.
2025-yilda mahalliylashtirish dasturi doirasida tizim korxonalariga qo‘shimcha xizmatlar ko‘rsatish orqali 3 milliard 69 million so‘mlik ishlar bajarildi. Shuningdek, korxonaning mahalliylashtirish va konstruktorlik bo‘limi tomonidan 46 ta yo‘nalishda innovatsion va istiqbolli loyihalar shakllantirildi.
2026-yil uchun rejalar ham keng ko‘lamli bo‘lib, mahalliylashtirish dasturi doirasida 3 milliard 36 million so‘mlik ishlar amalga oshirilishi belgilangan. Hozirgi kunga qadar mazkur rejaning 844 million so‘mlik qismi bajarilgan.
[gallery-29577]
Korxonada “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ Boshqaruvi raisi tashabbusi asosida qator ustuvor yo‘nalishlarda ishlar tizimli yo‘lga qo‘yilmoqda. Jumladan, gradirnya tizimlari uchun orositel uskunalarini mahalliylashtirish, plastinalarni ishlab chiqarish hamda tizim korxonalarini mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Shuningdek, ekologik nazoratni kuchaytirish maqsadida avtomatik monitoring tizimlari (ASM) va ekologik postlarni 40 dan ortiq ob’ektda joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.
Fanlar akademiyasi Energetika muammolari instituti bilan hamkorlikda kichik quvvatli shamol elektr stansiyalarini sinovdan o‘tkazish bo‘yicha ham amaliy ishlar boshlangan. Natijada quvvati 2 kVt bo‘lgan kichik shamol elektr stansiyasi ishga tushirildi.
Shu bilan birga, mutaxassislar tomonidan VG-50 ventilyator uskunasi uchun diffuzor qismini turli materiallardan tayyorlashning texnik va iqtisodiy samaradorligi o‘rganilmoqda.
Korxonaning markaziy ta’mirlash ustaxonasida mahalliylashtirish dasturi asosida yangi ishlab chiqarish yo‘nalishlari tashkil etilib, Xitoy va Rossiyadan keltirilgan 61 ta uskuna o‘rnatildi. Bu esa 200 dan ortiq mahsulot turini mahalliy sharoitda ishlab chiqarish imkonini bermoqda.
Kelgusida markazda kadrlar tayyorlash, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish hamda veb-dasturlash, SMM, targeting va savdo menejmenti kabi yo‘nalishlarda o‘quv dasturlarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.
– Korxonada qo‘shimcha ishlab chiqarish yo‘nalishlarini kengaytirish, xizmatlar ko‘lamini oshirish hamda iqtisodiy samaradorlikni yuksaltirish bo‘yicha ishlar izchil davom etmoqda. Joriy yil yakuniga qadar qo‘shimcha xizmatlar hisobidan 3 milliard so‘mga yaqin daromad olish rejalashtirilgan, – deydi korxona vakili Abdulla Omonov.
G‘ulom Primov, Umid Obidjonov (surat) O‘zA