Yoshlar iste’dod, iqtidor va mahoratini namoyish etdi
30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan Surxondaryo viloyatining Angor tumanida “Yangi O‘zbekiston – yoshlar mamlakati!” shiori ostida festival o‘tkazildi.
“Yoshlar oyligi” doirasida tashkil etilgan bayramona tadbirda tadbirkorlik, bandlik, kitobxonlik, sun’iy intellekt va innovatsiyalar, xorijiy tillarni o‘rganish, qizlarni qo‘llab-quvvatlash hamda yoshlar tashabbuslarini rivojlantirishga qaratilgan ko‘rgazmalar, seminar-trening va ochiq muloqotlar bo‘lib o‘tdi. Mehnat yarmarkasi, kitoblar ko‘rgazmalari, intellektual o‘yinlar, shaxmat musobaqalari va turli tanlovlar uyushtirildi.

Tuman hokimi Qosim Mardonov festival maydonida tashkil etilgan pavilonlar bilan tanishib, yoshlar bilan samimiy suhbatlashdi. Yoshlar ilgari surgan taklif va tashabbuslar tinglandi. Festivalning tanlov, loyiha va bellashuvlarida g‘olib bo‘lgan o‘g‘il-qizlar munosib rag‘batlantirildi.

Yoshlarning o‘ziga xos shodiyonasiga aylanib, ularning iqtidor, iste’dod va mahoratini keng namoyish etgan festivalda sportning futbol va mini-futbol turlari bo‘yicha Davlat xavfsizlik xizmati kubogi musobaqasi tuman bosqichi g‘oliblariga kubok va esdalik sovg‘alari ham tantanali topshirildi. Poytaxtdan kelgan san’atkorlarning qiziqarli konsert dasturi namoyish etildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA muxbiri