O‘zbekiston – Malayziya: neft-gaz sohasida yangi hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi
Bugun o‘z ishini boshlagan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida energetika sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Malayziya Bosh vaziri huzuridagi Maslahat qo‘mitasi raisi – “Petronas” kompaniyasi maslahatchisi Tan Shri Muhammad Hassan bin Marikan bilan muzokaralar olib bordi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasida neft-gaz hamda gaz-kimyo sohalarida shakllangan hamkorlik munosabatlarining bugungi holati tahlil qilinib, uni yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Tomonlar amalga oshirilayotgan qo‘shma loyihalar samaradorligi, investitsiyaviy sheriklikni kengaytirish va tarmoqqa ilg‘or texnologik yechimlarni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, uglevodorod resurslarini o‘zlashtirish, qazib olish jarayonlarini takomillashtirish hamda qayta ishlash sohasidagi imkoniyatlar yuzasidan fikr almashildi.
Muzokaralarda sohani barqaror rivojlantirish uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash, mutaxassislar o‘rtasida tajriba almashish va o‘zaro manfaatli loyihalarni kengaytirish masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, istiqbolli uglevodorod konlarini o‘zlashtirish, qazib olish va qayta ishlash loyihalarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi. Shu bilan birga, “Petronas” universiteti negizida soha uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash yo‘nalishida ham hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan kelishuvga erishildi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA