Yoshlar — huquq tizimining ertangi tayanchi
Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularni zamonaviy bilim va kasb-hunarlarga ega mutaxassislar sifatida tarbiyalash davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Ayniqsa, huquqiy sohada yetuk, mas’uliyatli va vatanparvar kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada oliy ta’lim muassasalari va huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi hamkorlik muhim ahamiyat kasb etadi.
Ana shunday samarali hamkorlik namunasi sifatida Bosh prokuratura hamda Buxoro davlat universiteti o‘rtasida imzolangan “Hamkorlik memorandumi” doirasida amaliy ishlar izchil davom ettirilmoqda. Mazkur hamkorlik yoshlarni malakali yuridik kadrlar sifatida tayyorlash, ularning nazariy bilimlarini amaliyot bilan uyg‘unlashtirishga xizmat qilmoqda.

Haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” etib belgilangani munosabati bilan talabalarning bilim va salohiyatini baholashga qaratilgan alohida tadbir tashkil etildi. Unda “Bo‘lajak prokurorlar klubi” ga a’zo bo‘lish istagini bildirgan talabalar o‘rtasida test sinovlari va suhbatlar o‘tkazildi.

Saralash jarayonlari ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida amalga oshirilib, eng munosib, bilimli va yuqori intellektual salohiyatga ega yoshlar tanlab olindi. Bu esa tanlovda adolatlilik va xolislikni ta’minlashga xizmat qildi.
Mazkur tadbirlar yoshlarni huquqiy sohada qo‘llab-quvvatlash, ularning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, shuningdek, prokuratura organlari uchun salohiyatli kadrlar zaxirasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri