Talabalar uchun “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi (+video)
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning bandligini ta’minlash va professional kasb-hunarga yo‘naltirish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universitetida poytaxtimizning Yunusobod va Shayxontohur tumanlari maktab o‘quvchilari hamda Toshkent viloyati Toshkent tumanining “qizil”, “sariq” va “yashil” toifadagi mahallalarida faoliyat yuritayotgan Yoshlar yetakchilari, mahalla hisobida probatsiyada turgan, ishsiz, og‘ir toifdagi va hozirgi kunda muddatli harbiy xizmatni o‘tab kelgan universitetda o‘qish istagini bildirgan yoshlar "Ochiq eshiklar kuni" tashkil etildi.
Mazkur tadbir Toshkent tumani Yoshlar ishlari agentligi va Universitet professor-o‘qituvchilaridan iborat maxsus ishchi guruhning hamkorlikdagi faoliyati natijasi bo‘ldi. Tadbirda Ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati, Prokuratura va Davlat xavfsizligi xizmati vakillarining ishtiroki davlat organlari va yoshlar o‘rtasidagi "bevosita muloqot" mexanizmi amalda ishlayotganining yaqqol isbotidir.
Prezidentimiz tomonidan joriy etilgan "mahallabay" ishlash tizimi doirasida uyushmagan yoshlarni ijtimoiy hayotga jalb etish, ularning intellektual salohiyatini jamiyat manfaatlariga yo‘naltirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Tadbir davomida aynan shu jihatlarga alohida urg‘u berilib, yoshlarda yurt taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini yuksaltirish choralari ko‘rildi.
Tashrif doirasida yoshlar universitetning eng zamonaviy moddiy-texnik bazasi, o‘quv poligonlari, axborot-resurs markazlari va sport majmualari bilan tanishtirildi. Ushbu jarayonda yoshlar Milliy gvardiya tizimida xizmat qilishning sharafli va mas’uliyatli jihatlarini bevosita anglab yetdilar.
Tadbir yakunida o‘tkazilgan ochiq muloqotlar shuni ko‘rsatdiki, yoshlarda harbiy xizmatga va milliy xavfsizlikni ta’minlash sohasiga qiziqish keskin ortgan. Ko‘plab yigit-qizlar o‘zlarini kelgusida Milliy gvardiya ofitseri sifatida ko‘rishlarini va Ona Vatanga sadoqat bilan xizmat qilishni maqsad qilganlarini fikr-mulohazalar orqali bayon etdilar.
Jamoat xavfsizligi universitetida o‘tkazilgan ushbu tadbir Yangi O‘zbekistonda yoshlar siyosati shunchaki deklarativ xarakterga ega emasligini, balki har bir yosh yigit-qizning taqdiri davlat e’tiborida ekanligini tasdiqladi. Bu kabi amaliy chora-tadbirlar mamlakatimizda "Xavfsiz jamiyat — barqaror davlat" tamoyilini hayotga tatbiq etishda yoshlarning faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qiladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/QBnIYyjOxzM" title="Talabalar uchun “Ochiq eshiklar kuni” tashkil etildi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhayyo Turdaliyeva, Nishonboy Abduvoitov, O‘zA