Yoshlar ertangi kunimiz egalaridir
Zamonaviy dunyoda taraqqiyot mezoni endi faqat tabiiy resurslar yoki iqtisodiy salohiyat bilan emas, balki ilm-fan, innovatsiyalar va bilimli inson kapitali bilan baholanmoqda. Shuning uchun ham mamlakatimizda yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, ular uchun zamonaviy ta’lim va ilm-fan imkoniyatlarini kengaytirish, iqtidorini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.
Bugun amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning bosh maqsadi ham yurtimiz kelajagini bilimli, tashabbuskor va raqobatbardosh yoshlar qo‘li bilan barpo etishdan iborat.
Prezidentimiz tomonidan Yoshlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ta’kidlanganidek, endilikda davlatlar hududi yoki tabiiy boyliklari bilan emas, bilimi, texnologiyasi va inson kapitali bilan raqobatlashadi.
So‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, universitetlarning ilmiy salohiyatini oshirish, yosh olimlarni rag‘batlantirish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish, ilmiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan islohotlar o‘zining amaliy samarasini bera boshladi. Bugun yurtimizda ilmiy izlanishlar olib borayotgan, xalqaro olimpiadalar va konferensiyalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilayotgan, innovatsion g‘oyalari bilan iqtisodiyot rivojiga hissa qo‘shayotgan yoshlar soni tobora ortib bormoqda.
Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining katta o‘qituvchisi, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Hayot Istamov ham ana shunday yoshlardan biridir.

Hayot Istamovning ilmga bo‘lgan qiziqishi maktab yillaridayoq shakllangan. U 2014-yilda kimyo fanidan o‘tkazilgan olimpiadaning viloyat bosqichida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritib, o‘z iqtidorini namoyon etdi. Oradan bir yil o‘tgach, Toshkent shahrida tashkil etilgan “Budueye bolshoy ximii” II xalqaro olimpiadasi g‘olibi bo‘ldi. Keyinchalik Rossiya Federatsiyasining Qozon milliy tadqiqot texnologiyalar universitetida plastmassa va kompozitsion materiallar texnologiyasi yo‘nalishida tahsil oldi. Xorijda orttirilgan bilim va tajriba uning ilmiy salohiyatini yanada boyitdi. O‘zbekistonga qaytgach esa Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida magistraturani muvaffaqiyatli tamomlab, o‘z ilmiy faoliyatini boshladi.
Uning “Sintetik polimerlar asosida bioparchalanuvchi kompozitsion materiallarning olinishi va tadqiqoti” mavzusidagi ilmiy ishi bugungi kunda jahonda tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgan ekologik xavfsizlik va “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga hamohangligi bilan ahamiyatlidir. Bu tadqiqot nafaqat nazariy, balki amaliy jihatdan ham sanoatda ekologik toza materiallardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi. Ana shu izlanishlari samarasida u texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga sazovor bo‘ldi.
Uning yutuqlari faqat shu bilan cheklanib qolmadi. Hayot Istamov Butunrossiya talabalar olimpiadasi sovrindori, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti va Hukumati stipendiyalari, Tatariston Respublikasi davlat stipendiyasi sohibi bo‘lgan. Shuningdek, XIX Butunjahon yoshlar va talabalar festivali, “Lomonosov” xalqaro konferensiyasi, “Unilever Chain Reaction”, “Chain Reaction Hack”, “SIBUR” hamda “P&G Unsolvable Quest” kabi nufuzli xalqaro forum va tanlovlarda ishtirok etdi.
Bugungi kunda u nafaqat olim, balki yoshlarga yo‘l ko‘rsatuvchi ustoz sifatida ham samarali faoliyat yuritmoqda. Universitetda iqtidorli talabalar bilan muntazam ishlab, ularning ilmiy konferensiyalar va tanlovlarda ishtirok etishlariga ko‘maklashmoqda.
Uning 30 dan ortiq ilmiy maqolalari, o‘quv-uslubiy ishlari chop etilgan, elektron hisoblash mashinalari uchun bir qator dasturiy mahsulotlarga mualliflik guvohnomalari olingan. TOEFL iBT imtihonidan S1 darajasidagi sertifikatni qo‘lga kiritgani esa uning xalqaro ilmiy hamkorlik imkoniyatlarini yanada kengaytirmoqda.
– “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlanganim men uchun katta sharaf va yuksak mas’uliyatdir. Bu e’tirof, eng avvalo, mamlakatimizda ilmga intiluvchan, tashabbuskor va iqtidorli yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar hamda ularga bo‘lgan yuksak ishonchning amaliy ifodasidir. Bu ishonchni yanada katta natijalar bilan oqlashga harakat qilaman, – deydi Hayot Istamov.
Bugungi kunda Hayot Istamov kabi minglab yoshlar ilm-fan, innovatsiya va zamonaviy texnologiyalar sohasida izlanishlar olib bormoqda. Ular yangi ixtirolar, amaliy ishlanmalar va ilmiy g‘oyalari bilan mamlakatimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shmoqda.
Haqiqatan ham, mamlakat kelajagi uning tabiiy boyliklari bilan emas, bilimli insonlari bilan belgilanadi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, bilimlar iqtisodiyoti davrida eng katta boylik ilmli va tashabbuskor yoshlardir. Hayot Istamovning hayot yo‘li bugungi yoshlar uchun ibrat maktabi, Yangi O‘zbekiston islohotlari samarasining amaliy ifodasi va inson kapitaliga qaratilayotgan e’tiborning yorqin namunasidir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri